Prezident Karimov: 2014 yildan keyin mintaqada qo‘poruvchi kuchlar bosh ko‘taradi

Image copyright Getty
Image caption Prezident Islom Karimov xorijiy qo‘shinlar chiqib ketishi ortidan mintaqaviy beqarorlik tahdididan oldin ham ogohlantirgan.

Afg‘on-O‘zbek chegarasida bo‘lgan Prezident Islom Karimov 2014 yildan xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistonni tark etganidan keyin qo‘poruvchi kuchlar mintaqani beqarorlashtirishga harakat qiladilar, deb aytgan.

15 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti O‘zbek-Afg‘on chegarasini ajratib turadigan Amudaryo sohilidagi "Hayraton" chegara nuqtasiga borgan.

O‘zbek chegarachilari bilan ko‘rishgan Prezident Karimov Afg‘onistondagi vaziyat haqida gapirgan.

O‘zbek chegara xizmatidagi har bir qo‘mondonning o‘z qo‘li ostidagi oddiy chegarachilarga geosiyosiy vaziyatni tushuntirib berishi lozimligini aytgan O‘zbekiston rahbari.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Afg‘onistondagi inqirozni hal etish yo‘lida katta mablag‘larni sarfladi. Va natijasi nima bo‘ldi? Qarama-qarshilik hali ham davom etayapti. Mana hozir koalitsiya mamlakatni iloji boricha tezroq tark etishni rejalayapti. Va qo‘poruvchi kuchlar ham payt poylab turipti. Qo‘shinlar chiqib ketishi bilan ular boshini ko‘taradi, degan Prezident Karimov.

Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Afg‘onistondagi inqiroz tinch yo‘l bilan hal qilinishini dastaklashini, Afg‘on xalqining o‘zi saylagan rahbariyat bilan muloqot o‘rnatishni istashini aytgan.

"Afg‘on muammosi 30 yildan buyon davom etayapti. Oxirgi 30 yilda urushlar ketayapti. Agar Afg‘on xalqining o‘ziga qo‘yib berilsa, ular ancha oldin yarashishgan bo‘lardi. Xalq nimani xohlaydi? Albatta, tinchlikni. Biz Afg‘on xalqi bilan va xalq o‘zi saylagan rahbariyat bilan muloqotni o‘rnatish maqsadini ko‘zlaymiz", deb aytgan Prezident Karimov.

Shu kuni O‘zbekiston prezidenti surxondaryolik dehqonlar bilan uchrashgan.

Termiz shahrida Surxondaryo viloyat kengashi majlisi o‘tkazilgan, unda Prezident Karimov Normo‘min Choriyevni Surxondaryo viloyati hokimi etib tayinlagan.