Mehnat muhojirlarining pul jo‘natmalari bo‘yicha Rossiya yuqori uchlikda

Rossiya mehnat muhojirlari pul jo‘natmalarining hajmi bo‘yicha AQSh va Saudiya Arabistonidan keyin yuqori uchlikka ko‘tarilgan.

Jahon Banki bu kabi xulosaga o‘zining yangi hisobotida kelgan.

Bank yangi tadqiqotlari jarayonida so‘nggi global moliyaviy inqirozning muhojirlar pul jo‘natmalariga ta‘sirini o‘rganmoqchi bo‘lgan.

Xalqaro moliyaviy tashkilot hisobotida aytilishicha, "ayrim mezbon davlatlarda aksilmuhojirlik kayfiyatlari kuchaygani va ish topish imkoniyatlari yomonlashganiga qaramay, mehnat muhojirlari soni va ular o‘z yaqinlariga yuborayotgan mablag‘lar hajmi kamaymagan".

Bank mutaxassislariga ko‘ra, aksincha, mehnat muhojirlarining borliklari "mezbon" mamlakatlarga qo‘l kelgan.

"Chunki mehnat muhojirlari kam haq, kam imtiyoz evaziga ishlashadi va o‘zlari borgan davlatga ko‘p ham orqa qilishmaydi".

Jahon Bankiga ko‘ra, shu bilan bir vaqtning o‘zida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar miqdori keskin pasayib ketgan bir paytda, chetdagi fuqarolari yuborayotgan mablag‘ ularning o‘z mamlakatlari iqtisodiga ham oro kirgan.

O‘zbekistonlik kuzatuvchilar esa, Rossiyaga mehnat muhojirligi ilinjida ketayotgan odamlarning soni kun sayin ortib borayotganini aytishadi.

Xo‘sh, Rossiya o‘zbekistonliklarni o‘ziga nimasi bilan bunchalar jalb etadi?

Suhbatdoshimiz bir necha yildan buyon Rossiyada mehnat muhojirligida band o‘zbekistonliklardan beri:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Mehnat muhojirlari

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, butun dunyodagi mehnat muhojirlarining soni bugun ikki yuz million kishidan ortadi.

Bu yil ularning o‘z uylariga jo‘natajak pullari miqdori qariyb 400 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

O‘tgan yil bilan solishtirganda, bu deyarli 30 milliardga ko‘p deganidir.

Eng ko‘p pul esa, Hindiston(qariyb 64 milliard), Xitoy(62 milliard) va Meksika(24 milliard)ga ketarkan.

Yalpi Yillik Ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmining necha foizini mehnat muhojirlari yuborgan pullar tashkil etishi nisbatida esa, Tojikiston (31 foiz) peshqadamlik qilarkan.

Bu masalada yuqori beshlikka Qirg‘iziston (21 foiz) ham kirgan.

O‘zbekiston va o‘zbek muhojirlari

Rossiya Markaziy Bankining yaqinda e‘lon qilgan ma‘lumotlariga qaralsa, o‘z vataniga eng pul jo‘natayotgan muhojirlar ham o‘zbekistonliklar ekan.

Ular 2011 yili o‘z oilalariga qariyb 5 milliard dollar yuborishgan.

Hozir Rossiyada jami 10 millionga yaqin mehnat muhojiri bo‘lsa, Rossiya matbuoti har ikkinchi qonuniy muhojir - o‘zbek, deb aytadi.

Shunga qaraganda, ularning o‘tgan yili O‘zbekistonga 5 milliard AQSh dollari atrofida pul yuborishgani hayratlanarli emas.

Keyingi o‘rinda vataniga 2 yarim milliard dollar atrofida pul o‘tkazgan tojikistonliklar. Uchinchi o‘rinda esa 1 yarim milliard dollar bilan qirg‘izistonliklar turishadi.

So‘nggi ko‘rsatkichlar O‘zbekistonga mehnat muhojirlari jo‘nayotgan pul mamlakat iqtisodi uchun neqadar katta ahamiyat kasb etib borayotganini ko‘rsatadi.

Rossiya va Qozog‘istonga ish izlab ketayotganlarni O‘zbekistonda rasman "mavjud noz-ne‘matlarga shukur qilmay, mo‘may pul topish ilinjida chetga ketayotganlar" deb tasvirlashadi.

Qator muhojirlar uyinini tiklab olish, to‘y qilish va yo oilasi uchun doimiy daromad keltiradigan avtomashina sotib olish niyatida Rossiyada ishlashayotganini tan oladilar.

Ammo Rossiya ko‘chalarida og‘ir ishlarni qilayotgan aksar muhojirlarga ko‘ra, ular bor-yo‘g‘i bolalariga non topib berish ilinjida vatanni tashlab kelishgan.