Misr xalqi yangi prezidentini bilib olish uchun yana kutadigan bo‘ldi

Image copyright Reuters

Misr Oliy Prezidentlik Saylov Hay‘ati ikkinchi bosqich saylov natijalarini bugun - payshanba kuni e‘lon etmaslikka qaror qildi.

Saylov hay‘atining aytishicha, nomzodlarning shikoyatlarini o‘rganib chiqish uchun ko‘proq vaqt lozim bo‘ladi.

Misr Oliy Prezidentlik Saylovlari Hay‘ati kecha chorshanba kuni har ikki nomzod to‘rt yuzga yaqin shikoyat bilan chiqishganini ma‘lum qilgandi.

O‘z o‘rnida, hay‘at yakuniy saylov natijalarining aniq qachon e‘lon qilinishi haqida miq etmagan.

Ommaviy-axborot vositalaridagi xabarlarda esa, g‘olibning shu dam olish kunlarida e‘lon etilishi taxmin etilmoqda.

Prezidentlik saylovlarida ham "Musulmon birodarligi" vakili Muhammad Mursiy va ham mamlakat sobiq Bosh vaziri Ahmad Shafiq g‘olib chiqqanliklarini da‘vo etishmoqda.

Qohiradagi muxbirlarimizga ko‘ra, Misr siyosiy va konstitutsiyaviy jihatdan boshi berk ko‘chaga kirib qolgandek ko‘rinadi.

Munosabat

"Musulmon birodarligi" guruhi voizi Nodir Omranning aytishicha, saylov natijalari bekor kechiktirilgan.

Voizga ko‘ra, bu - odamlar orasida tanglikni yanada kuchaytirishi mumkin.

O‘z o‘rnida, minglab muxolifat tarafdorlarining "Tahrir" maydonidagi norozilik chiqishlari ham davom etmoqda.

"Musulmon Birodarligi"ning aytishicha, saylov natijalari e‘lon qilinmaguncha, o‘z namoyishlarini davom etdirishadi.

Namoyishchilar Misr harbiylari konstitutsiyaga tuzatish kiritib, o‘zlariga berib yuborgan cheksiz vakolatlarini ham topshirib qo‘yishini talab etishmoqda.

Aks-sado

Qohirada bo‘lgan muxbirimizning aytishicha, so‘nggi xabar Misrda saylov natijalari bekor qilinarmikan yoki soxtalashtirilarmikan, degan gap-so‘zlarni kuchaytirgan.

"Agar saylovlarda "Musulmon Birodarligi" g‘olib chiqqan bo‘lsa, guruh bilan shuncha yillik urushlardan keyin, mas‘ullar qudratni ularga berishlari haqida ham shubhalar paydo bo‘lgan", deydi muxbirimiz.

Misrni o‘ttiz yildan ortiqroq boshqargan sobiq prezident Husni Muborak esa, kasalxonada og‘ir ahvolda yotgani aytiladi.

Ammo rasmiylar uning ahvoli borasida hanuz churq etib og‘iz ochishgani yo‘q.

Muxbirlarimizga ko‘ra, Misrda Muborakning sog‘lig‘i yomonlashdi, degan xabarlar odamlarni saylov natijalaridan chalg‘itish uchun qilingan ish emasmikan, degan xavotirlar ham yo‘q emas.