HRW Ovro‘po Ittifoqining Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini qoralab chiqdi

Image copyright HRW
Image caption Human Rights Watch fikricha, OI MOdagi inson huquqlari ahvoliga yetarli e‘tibor qaratmayotir

Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti Markaziy Osiyoga nisbatan Ovro‘po Ittifoqi (OI) yuritayotgan siyosatni keskin qoralab chiqqan.

Tashkilot chiqargan yangi bayonotda aytilishicha, OIning Markaziy Osiyo (MO) davlatlariga inson huquqlari sohasida islohotlar o‘tkazish bo‘yicha aniq talablarni qo‘ymayotgani va o‘z talablarini muntazam nazorat etmayotgani "unga bu mintaqada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni samarali targ‘ib etish imkonini bermayotir".

Human Rights Watch tashkilotining mazkur bahosi OI o‘zining "MO Strategiyasi" bo‘yicha hisobot chiqarishi kutilgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

OI tashqi ishlar vazirlari besh yil muqaddam qabul qilingan strategiya yuzasidan kelgusi dushanba kuni hisobot e‘lon qiladi.

"Markaziy Osiyodagi ijobiy o‘zgarishlar haqida gapirish oson emas, ammo ittifoq mintaqa davlatlaridan nimani kutayotganini aniq bildirganida va shunga muvofiq ish yuritganida yaxshi bo‘lardi", - deb aytgan Human Rights Watch. - "OI hozirga qadar bu yo‘lni tutgani yo‘q, ammo buni to‘g‘irlab olish hech qachon kech emas".

OIga a‘zo davlatlar MO mintaqasi bilan energiya ta‘minoti va xavfsizlik kabi masalalarda hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini yashirishmaydi.

"Biroq bu manfaat Ovro‘po Ittifoqiga Markaziy Osiyoda inson huquqlarining poymol etilishiga ko‘z yumishi uchun bahona bo‘lmasligi kerak", - deya ta‘kidlanadi Human Rights Watch chiqargan bayonotda.

Mintaqadagi barcha mamlakatlar inson huquqlari bo‘yicha yomon ko‘rsatkichlarga ega, deydi tashkilot.

Unga ko‘ra, ayniqsa Turkmaniston va O‘zbekiston o‘ta yopiq va repressiv siyosati bilan ajralib turadi.

Qo‘shnilariga nisbatan yaxshiroq ko‘rsatkichga ega Qozog‘istonda ham inson huquqlari vaziyati o‘tgan bir yarim yil ichida sezilarli darajada yomonlashgan.

Human Rights Watch OI siyosatidagi "beqarorlik" haqida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston hukumati inson huquqlari sohasida OI ilgari surgan talablarga javob bermagan esada, ittifoq unga nisbatan sanktsiyaalarini bekor qilganini eslatadi.

Tashkilot shuningdek OIning MO davlatlariga inson huquqlari sohasidagi talablari "muloqot" shaklida bo‘layotganini tanqid qiladi.

Human Rights Watch shuningdek OIni MO mamlakatlarida mavjud fuqaroviy jamiyat vakillari bilan "haqqoniy hamkorlik" qilishga chaqirgan.

"OI ko‘pi kuchli bosim va tahdidlar ostida ishlaydigan huquqbonlarga amaliy yordam berishi kerak, deydi xalqaro tashkilot.

U shuningdek ittifoqdan MOdagi inson huquqlari ko‘rsatkichlari haqida vaqti-vaqti bilan ochiq bayonotlar bilan chiqishlar qilib turishni talab qilgan.