Muammar Qaddofiyni istagancha maqtang, javobgarlikka tortilmaysiz

Image copyright Reuters

Liviya Oliy mahkamasi bu xususdagi ziddiyatli qonunni bekor qildi. Endi Liviya sobiq rahbari, marhum polkovnik va uning rejimiga hamdu sanolar yog‘dirsangiz, jinoiy javobgarlikka tortilmaysiz.

Muxbirimizning aytishicha esa, o‘tgan oy qabul qilingan yangi qonun aksariyat liviyaliklarga xush kelgan.

Ammo mahalliy inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari undan norozi bo‘lishgan.

Faollarga ko‘ra, qonun odamlarning o‘z fikrlarini erkin ifodalash huquqlariga zid bo‘lgan.

Ular xuddi shunday da‘vo bilan Oliy mahkamaga rasman murojaat qilishgan.

So‘nggi xabarlarga qaralsa, mahkama ularning talablarini qondirgan.

Faollarning aytishlaricha, bu kabi qonunlar mohiyatan demokratiyaga zid bo‘lgani uchun ham faqat sobiq tuzumning olqishlanishiga xizmat qiladi, xolos.

Yangi qonunda, yana shuningdek, o‘tgan yilgi inqilob va uning ishtirokchilarini haqoratlash, "aholi ko‘ngliga vahima va tushkunlik soluvchi" xabarlarni tarqatish ham taqiqlangan bo‘lgan.

Qonunbuzarlarni esa, 3 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi kutgan.

Liviyadagi muxbirimizning aytishicha, Oliy mahkama qarori mamlakat sud tizimining mustaqil ekaniga dalolat qiluvchi kamdan-kam misollardan biridir.

Qaddofiy o‘tgan yil oktyabr oyida Milliy O‘tish Kengashi tarafdorlari tomonidan ota shahri Sirt yaqinida qo‘lga olinib, o‘ldirilgan edi.

Liviyalik mas‘ullar polkovnik Muammar Qaddofiyni o‘zlari o‘ldirganliklarini rad etib kelishadi.

Qator nufuzli inson huquqlarini himoya etish tashkilotlari esa, uning o‘limi yuzasidan mustaqil, mukammal va xolis tergov o‘tkazilishiga da‘vat etishgandi.

Dunyoning neftga boy davlatlaridan bo‘lmish Liviyada 42 yil hukmronlik qilgan Muammar Qaddofiyning o‘limi jahon bo‘ylab turli aks-sadolarga sabab bo‘lgandi.

Kimlarningdir nazdida u o‘z qilmishlariga yarasha haqli o‘lim topgan zolim diktator bo‘lsa, boshqalari uchun mamlakatining tabiiy boyliklari uchun qurbon bo‘lgan va adolatsiz o‘lim topgan xalq qahramonidir.