Tojikiston Qozog‘iston prezidentini "Mehnat qahramoni" darajasiga ko‘tardi

Tojikistonda ilk bor qo‘shni Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev haqida kitob chop etildi.

Kitob "Mehnat qahramoni. Nursulton Nazarboyev - siyosat sohasidagi zahmatkash", deb nomlanadi.

Qozoq rahbariga bag‘ishlangan asar muallifi Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning o‘zi haqida ham qator kitoblar qoralagan tojik yozuvchisi Vohid G‘afforiydir.

Tojikiston rahbarining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Zafar Sayidzoda esa, kitobga ham hammualliflik va ham mas‘ul muharrirlik qilgan.

Bungacha Tojikistonda prezident Nursulton Nazarboyevga atab, hech kim kitob yozmagan.

Rasmiy xabarlarda aytilishicha, ushbu asar ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning 20 yilligi munosabati bilan chiqarilgan.

Ammo, mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, buning ortida muayyan siyosiy maqsadlar yotgan bo‘lishi tayin.

Dushanbeda bo‘lgan muxbirimiz Iskandar Firuzning aytishicha, Tojikiston Qozog‘istonni har doim yordam berishga shay ittifoqchisi sifatida ko‘radi.

Qozog‘iston Tojikistonning asosiy bug‘doy va yoqilg‘i mahsulotlari ta‘minotchisi ham hisoblanadi.

Ustiga ustak, muxbirimizga ko‘ra, katta sondagi Tojikiston fuqarolari Qozog‘istonda mehnat muhojirligida band.

Muxbirimizning aytishicha, xuddi shu sabablar tufayli ham, Tojikiston Qozog‘iston bilan aloqalarini kuchaytirishdan manfaatdor.

"Qozog‘iston prezidentiga atab alohida bir kitob chop etilishini ham xuddi shu prizmada ko‘rish lozim", deydi u.

Kimga qizig‘i bor?

Xabarlarga ko‘ra, yangi kitob 400 nusxada chop etilgan.

Asar uch bobdan iborat bo‘lib, ular "Hamma sevadigan prezident", "Mehnat qahramoni" va "Irodasi po‘latdek siyosatchi", deb nomlanadi.

Tojikistonning "Xovar" axborot agentligi yozishicha, asarda, "ko‘p ijodiy mehnat qilishga qodir, jonini jabborga berib, tinimsiz ishlaydigan, o‘z xatolarini tan olish bilan birga, o‘zligini yo‘qotmaydigan shaxsning shakllanish yo‘llari" haqida so‘z boradi.

Ayon bo‘lishicha, Tojikistonda yiliga o‘nlab bunga o‘xshash kitoblar chop etiladi.

Ammo, mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, siyosiy buyurtma mazmunida bo‘lgani uchun ham, bu kabi asarlarga qiziqish u qadar katta emas.

Ularning aytishlaricha, aksariyat hollarda bunga o‘xshash asarlar diplomatik vakolatxonalarning hisobotlarida tilga olib o‘tish uchungina chop etiladi.

Muxbirimiz Iskandar Firuzga ko‘ra, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevga atalgan kitob mamlakat ilmiy doiralarida ham deyarli aks-sado bermagan.

Tojikiston qurish harakatida bo‘lgan "Rog‘un" GESi tufayli esa, so‘nggi yillarda rasmiy Toshkent va rasmiy Dushanbe orasidagi aloqalar nihoyatda sovuqlashgan.

Mahalliy kuzatuvchilar Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan munosabatlariga ham o‘tgan yillar davomida anchayin putur yetganini aytishadi.