O‘zbekistonlik rassom mega-polotnosi Ginnes rekordlar kitobiga kirishga da‘vogarlik qilmoqda

Image caption Lekim Ibragimov asarlarida sharq va g‘arb rassomchilik an‘analari uyg‘unligini ko‘rish mumkin

O‘zbekistonlik taniqli rassom Lekim Ibragimovning mega-polotnosi dunyodagi eng katta tasviriy san‘at asari sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirishga da‘vogarlik qilmoqda.

"Mingta farishta va bir surat" nomini olgan ushbu polotnoda Lekim Ibragimovning so‘nggi uch yil davomida chizgan 1000ta alohida surati yaxlit bir badiiy asar sifatida jamlangan.

"Suratlarning har birida farishta tasvirlangan polotno mavzusi sharq afsonalariga asoslangan", - dedi BBC bilan suhbatda asarni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish tashabbuskori, Lekim Ibragimovning o‘g‘li Murod Ibragimov. - "Balandligi 8 metr, eni esa 66 metrtni tashkil etuvchi polotno taxminan uch qavatli turar-joy binosiga teng".

Murod Ibragimovning ilova qilishicha, "Ming bir kecha" sharq afsonalari asosida katta polotnoni yaratish g‘oyasi otasida o‘n uch yil muqaddam paydo bo‘lgan.

Umumiy hajmi 528 kv metr bo‘lgan bu polotno "1000ta qismdan iborat eng katta kartina" sifatida, Ginnes rekordlar kitobining "San‘at" bo‘limiga taqdim etilgan.

Murod Ibragimovning ma‘lum qilishicha, bu san‘at asari dunyoning qator mamlakatlarida tashkillashtirilajak ko‘rgazmalarga qo‘yiladi.

"Mingtda farishta va bir surat" polotnosi kelgusi oy Pragada, keyinchalik Madrid va Florentsiyada namoyish etilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston xalq rassomi Lekin Ibragimov BBC bilan suhbatda Ginnesga taqdim etilgan polotnosida g‘arb va sharq san‘ati yo‘nalishlarini birlashtirishga harakat qilganini aytdi.

"Chizgan suratlarim insonlarga shodlik keltirishini istayman. Shuning uchun har bir suratimda turli holatlarda turgan farishtalarni tasvirlashga harakat qilganman. Birida farishta o‘tirgan bo‘lsa, ikkinchisida tik turgan holatda tasvirlangan. Shuning uchun odamlar bu suratlarni xush ko‘rishadi", - deydi Lekim Ibragimov.

San‘at muxlislari 68 yoshli atoqli rassom asarlari o‘ta jazibadorligi bilan ajralib turishini aytishadi.

Ba‘zi san‘at munaqqidlariga ko‘ra, Lekim Ibragimov suratlari inson barkamolligi va ruhini tarbiyalashga qaratilgan.