Propiskasi bo‘lmagan fuqarolar shifoxonalarga qabul qilinmayapti

Image copyright uza
Image caption Shahar joylarida shifokorlar faqat shaharliklarni davolashlarini aytishgan

O‘zbekiston shifoxonalarida propiskaga qo‘yilmagani uchun bemorlarni qabul qilmaslik holatlari uchramoqda.

BBC Toshkent shahri va qator viloyatlarda propiskasi bo‘lmagani uchun davolanishdan mahrum qilingan bemorlar bilan suhbatlashgan.

Shifoxona mas‘ullari bu holat barcha maskanlarda ro‘y berayotgani va bemorlar markaziy shifoxonalarga yuborilayotganini bildirishdi.

Boshqa viloyatdan kelib, Toshkentda istiqomat qilayotgan Ismoil (ismi o‘zgartirilgan) farzandi kasal bo‘lib, shifokorlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.Yashayotgan mahallasidagi poliklinikadan yo‘llanma orqali va tez tibbiy yordam mashinasida borgan bo‘lishiga qaramasdan Toshkent viloyat Zangi ota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi ularni qabul qilmaydi.

Shifoxonadagilar bemor ushbu tumanda ro‘yxatdan o‘tmagani uchun davolashdan bosh tortishadi.

"Men o‘zim turgan joydagi shifoxonaning poliklinikasiga tushdim. Poliklinikadagilar ko‘rib, bolaning ahvoli jiddiyligini bilgach, tez tibbiy yordam mashinasi bilan tuman kasalxonasiga yo‘llanma berdi. Ular yo‘llanma bilan borgan kasalni qaytarib yuborishdi. Shunchaki o‘zim borganimda boshqa shifoxonalarga borib pulini berib bo‘lsa ham qaratardim", - deydi Ismoil.

Ismoil keyinchalik farzandini respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borishga majbur bo‘ladi.

"Hamma joyda propiska"

Zangiota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi ismini oshkor qilishni istamagan katta hamshirasi agar bemor ularning tumanida ro‘yxatda turgan bo‘lsa qabul qilishini aks holda viloyat shifoxonasiga yuborilishini bildirdi.

"Hozir hamma joyda propiskaga qaraydi. Lekin siz viloyat kasalxonasiga borsangiz sizni propiskasiz ham oladi. Sog‘liqni saqlash vazirligining ko‘rsatmalari bo‘yicha do‘xtirlar ham bilishadi, xabari bor bo‘lgani uchun jo‘natishadi", - deydi shifoxona katta hamshirasi.

Toshkent shahridagi 5- sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga qo‘ng‘iroq qilganimizda, qabulxonadagi hamshira agar bemor mahalliy poliklinikada ro‘yxatda turmagan bo‘lsa, faqat markaziy shifoxonaga olib borish mumkinligini aytdi.

"Biz faqat shaharga qaraymiz. Dislokatsiya bo‘yicha, markaziy shifoxonaga borasiz. Agar polikkinikaga ro‘yxatga qo‘yilganda, qayerga borishni aytardim", - deydi qabulxonadagi hamshira.

Izlanishlar davomida nafaqat Toshkent shahri va viloyatida balki boshqa hudularda ham bemorlarni propiska bo‘yicha rad qilish hollari kuzatildi.

Facebook va twitter foydalanuvchilari o‘z boshidan kechirganlarini yozadi.

"Bundan bir yarim yil oldin qizchamning nafasi qisilib qoldi. Men yashaydigan Samarqand tuman kasalxonasidagi do‘xtirlarning tajribasiga ishonmaganim bois Samarqand shahar bolalar shifoxonasiga bordik. U yerdagilar birinchi navbatda hujjatlarimizni so‘rashdi. Tumandan ekanligimizni ko‘rib , faqat shaharliklarni davolashini aytib, rad qilishdi", - deb yozadi Dilshod Abdulvohid ismli foydalanuvchi.

Taniqli advokat Ruhiddin Komilov bemorga propiskasi sabab birinchi tibbiy yordamni rad etish inson huquqlari me‘yorlariga zid ekanligini aytadi.

"Gapning ochig‘i bu qonunchilikka ham, inson huquqlariga ham zid narsa. Og‘rib turgan bemorni qabul qilmaslikka va birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatmaslikka hech kimning haqqi yo‘q. Shu narsa qonunda belgilab qo‘yilsa ham xalqaro huquq me‘yorlari va mantiqqa zid bo‘ladi", - deydi Ruhiddin Komilov.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan bu borada izoh olishning imkoni bo‘lmadi.