Liviya sobiq bosh vaziri Tunisdan ekstraditsiya qilingan

Image copyright
Image caption Mahmudiy himoyachilari tuzum sirlarini bilgan inson sifatida Liviyada uning hayoti xavf ostida ekanligini aytishgan

Tunis prezidenti mamlakat vazirlar mahkamasining qarorini noqonuniy deb atagan.

Tunisda bo‘lgan Qaddofiy safdoshi prezidentning roziligisiz 24 iyunda Liviyaga chiqarib yuborilgan.

70 yoshli Al-Bag‘dodiy al-Mahmudiy Muammar Qaddofiy armiyasi Tripolida nazoratni boy berganidan so‘ng 2011 yil avgustida Liviyadan Tunisga qochib kelgan.

Sentyabr oyida janob al-Mahmudiy chegarani noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblanib hibsga olingan.

Tunis prezidenti Monsef Marzukiyning aytishicha, bosh vazir Hamid Jibaliy al-Mahmudiyni Liviyaga topshirish qarorini u bilan maslahatlashmagan.

Liviya sobiq bosh vaziri Tunisda mamlakatga noqonuniy kirganligi uchun yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan, uning apellyatsiya arizasi tufayli qamoq jazosi bekor qilingan bo‘lsada, Liviya hukumati ekstraditsiyasini so‘ragani uchun ozodlikka chiqarilmagan.

Al-Bag‘dodiy al-Mahmudiy Liviyaga tikucharda yetkazilgan.

Oldinroq huquqni himoya qilish tashkilotlari Liviyada Mahmudiy huquqlari buzilishi mumkinligidan xavotir bildirib, Tunis hukumatidan uni ekstraditsiya qilmaslikka chaqirishgan.

Al-Mahmudiy himoyachilari uning sobiq tuzumning katta sirlarini bilgan inson sifatida hayoti xavf ostida ekanligini aytishgan.

Liviya hukumati o‘z navbatida barcha qo‘lga olinganlarga qonun doirasida muomala qilinishini ta‘kidlagan.

Tunis hukumati rasmiylariga ko‘ra, ekstraditsiya haqidagi qarorga prezidentning roziligi talab qilinmagan.

Hujjatda aytilishicha, Tunis delegatsiyasi Liviyada bo‘lib, odil mahkama o‘tkazish uchun hamma sharoitlar borligiga amin bo‘lgach, bu qaror berilgan.

Liviya sobiq rahbari Muammar Qaddofiy 2011 yil oktyabr oyida qo‘zg‘olonchilar tomonidan o‘ldirilgan.