O‘zbekistonda yana bir muxolifatchining jazo muddati uzaytirildi

Image copyright none

"Erk" partiyasining Andijon viloyati bo‘limi sobiq raisi Isroil Xoldorovning jazo muddatiga yana 3 yil qo‘shib berilgan.

Xabar qilinishicha, u jazoni ijro etish muassasasi ma‘muriyati qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikda ayblangan.

O‘zbekistondagi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati 2007 yil mahrum etilgan Isroil Xoldorovning yaqinda jazo muddati tugashi va ozodlikka chiqishi kutilayotgan bo‘lganini aytadi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Umuman, O‘zbekiston hukumati siyosiy mahbuslarga ayricha qarab kelgan. Ya‘ni, o‘sha ayricha qarashdagi shaxslarni qamoqlardan chiqarmaslik bahonasida turli ayblovlar bilan ayblab keladi va bu birinchi holat ham emas, oxirgi holat ham emas. Isroil Xoldorov "Erk" faoli bo‘lgani uchun unga ham ayricha munosabat bor. Menimcha, masalaga shu nuqtai nazardan yondashish kerak, deb o‘ylayman", deydi "Ezgulik" jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov.

Ayni paytda 62 yoshli Isroil Xoldorovning salomatligi ham yaxshi emasligi aytiladi. U bilan mart oylarida uchrashgan o‘g‘li Abdulhamid Xoldorov ham otasining sog‘lig‘i yaxshi emasligi borasida "Ezgulik" faollariga ma‘lum qilgan.

"Uning umumiy salomatligi yomonligi haqida, qon bosimi balandligi haqida, qandli diabetga chalingani haqida Andijon viloyatidagi faollarimiz uning oila a‘zolari, o‘g‘illariga iqtibosan bizga ma‘lum qilishdi. Hozirda biz O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish bosh boqarmasiga murojaat qilib, rasmiy tarzda uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammoni o‘rganish, kerak bo‘lsa, Navoiydagi jazoni o‘tash muassasiga Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillarini yuborish harakatida yuribmiz", deydi "Ezgulik" faoli.

Isroil Xoldorov 2007 yil fevralida Andijon viloyati mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish), 223-moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) hamda 244/1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish) bilan aybdor topilib, 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.