Falastinliklar ham bir ko‘chani Putin sharafiga nomlashdi

Image copyright Reuters
Image caption Putin bu sharafdan biroz uyalganini aytdi

Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga noyob sovg‘a taqdim qilgan - u Iso Masih tug‘ilgani aytiladigan Baytulahm shahridagi bir kuchani Vladimir Putin deya nomlagan.

Hibron deb atalib kelingan ko‘chani Putin nomiga o‘zgartirish Rossiya prezidentining Falastinga 26 iyunda buyurgan tashrifi munosabati bilan amalga oshirilgan.

Muqaddas yerda o‘z ismining abadiylashtirilishi avvaliga Putinni uyaltirgan, lekin u, o‘z so‘zlariga ko‘ra, "odamlarni hafa qilmaslik uchun" sovg‘adan bosh tortmagan.

Putin Iordan daryosining g‘arbiy sohilida joylashgan Baytulahm shahriga Isroilga safari ortidan kelgan.

Uni falastinlik bolalar va Mahmud Abbos kutib olganlar. Janob Abbos o‘tgan yanvar oyida ham bir ko‘chani sobiq Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev sharafiga nomlagandi.

Vladimir Putin nomini olgan ko‘chada Rossiya hukumati moliyasi bilan qurilgan Baytulahm rus madaniyati va fanlari markazi joylashgan. Uni Mahmud Abbos bilan birgalikda Putin rasman ochdi.

Iso Masih yurtida o‘z ismining abadiylashtirilishi unga qanday hissiyotlar bag‘ishlayotgani haqida so‘ralganda, Putin "To‘g‘risini aytsam, biroz o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Lekin, nima ham qilardim", - deya javob berdi.

Ko‘chalarni va joylarni Vladimir Putin sharafiga nomlash allaqachon an‘anaga aylangan. Grozny shahrida Vladimir Putin prospekti bor.

Uning ismi, shuningdek, Podmoskovedagi Troitsa-Sergiyeva soborining qo‘ng‘iroqlariga o‘yib bitilgan.

O‘tgan yil fevralida Qirg‘iziston parlamenti ham Chuy viloyatidagi tog‘ cho‘qqilaridan birini Putin deya nomladi.

Ba‘zi rossiyaliklarning fikrida, Vladimir Putin deya nom berish bilan muhim joylarni asrab qolish mumkin. Masalan, 2009-2010 yillarda Ufa va Vladivostok shaharlarida Putin va Medvedev nomli bolalar o‘yin maydonlari paydo bo‘ldi. Bundan maqsad - ko‘p qavatlari turar joylar maydonchalarini yangi qurilishlardan saqlab qolish edi.