O‘zbekistonlik dehqonlar kapalak qurtiga qarshi kurashishlariga to‘g‘ri kelyapti

Image copyright none

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi bir necha ming gektar joyni kapalak qurti bosgan. Kapalak qurti daraxtlarning 70 foizgacha barglarini yeb tashlagani aytilmoqda.

Mahalliy milliy bog‘ ma‘sullari mablag‘ yo‘qligi bois ushbu zararkunanda bilan deyarli kurashilmaganini aytishmoqda. Ushbu qurtlar kapalakka aylana boshlagani uchun ayni damda ommaviy ravishda yo‘qotish imkonsizligicha qolmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi esa kapalak qurti bilan kurashish uchun bor kuchni keyingi yili tashlashni ma‘lum qildi.

Mutaxassislar ushbu zararkunanda bilan kurashmaslik minglab gektardagi maydonlarda dov-daraxtlarning yo‘qolib ketishiga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

Muammo yangi emas

Bo‘stonliq tumanining Qaronqul qishlog‘idagi daraxtlarni kapalak qurti ommaviy ravishda yeb ketgan. Bu haqda bizga Ugom-Chatqol Davlat milliy tabiat bog‘i mutaxassisi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan ma‘lum qildi.

"Ayrim joylar emas, ancha joyni dabdala qilib tashladi. Bu yil 3-4 ming gektar joyni bosgan deb hisoblagandik, aslida undan ko‘p. Bundan 10 yil oldin Qaynarsoylarda ham bo‘lgan. Uncha e‘tibor berilmas edi. Hozir esa Qaronqul va boshqa joylarda daraxtlarni ommaviy ravishda yeb ketayapti", deydi milliy tabiat bog‘i mutaxassisi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, kapalak qurtining hujumi 4-5 yildan beri davom etib kelmoqda, ammo bu yil katta miqdordagi maydonlarga zarar bergan. Milliy tabiat bog‘i tabiiy ofat haqida tegishli joylarga murojaat qilgan, ammo hozirgacha natijasi bo‘lmagan.

- Biz bir nechta joyga xat yozganmiz, kimyoviy komissiya, viloyat hokimligiga murojaat qildik. Kimyoviy komissiyadan qaysi dorilarni ishlatishimiz mumkinligini aytib javob xati berishdi. Chigirtkaga qarshi kurashish xizmati bilan shartnoma tuzishimizni aytishdi. Shartnoma tuzdik, lekin mablag‘ masalasida muammo kelib chiqdi. Bizda mablag‘ yo‘q, - deydi Ugom-Chatqol milliy bog‘i xodimi.

Shu paytgacha Milliy bog‘ o‘z imkoniyatidan kelib chiqib O‘rmonchilik instituti bilan hamkorlikda kapalak qurtiga qopqon qo‘yish bilan cheklanib qolmoqda.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi O‘simliklarni himoya qilish markazi xodimi ushbu muammodan markazdagilar Oliy majlis kelgan xat orqali xabar topganini, ammo byudjetda mablag‘ yo‘qligi bois biror chora ko‘rilmaganini bildirdi.

"Bu kabi xat o‘tgan yili ham kelgandi. Biz byudjetdan xizmat ko‘rsatamiz, lekin hozir ishlatishga pul yo‘q. Byudjetdan ajratilsa keyin ko‘rilsa kerak", - deydi ismini oshkor qilmagan xodim.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi O‘simliklarni himoya qilish markazi rahbari Odil Isoqov BBC bilan suhbatda hukumat bu kabi zararkunandalar bilan kurashishi uchun har doim yetarli mablag‘ ajratib kelayotganini aytdi. Ammo, o‘simliklarni himoya qilish markazi zararkunandalar bilan kimyoviy dorilarni ishlatmagan holda kurashmoqchi bo‘lgani uchun byudjetdan mablag‘ so‘ramagan.

- Hukumatimiz bu yilning o‘zida ham katta mablag‘ ajratishi mumkin edi. Lekin biz kimyoviy preparatlarni qo‘llamaslik uchun byudjetdan mablag‘ so‘ramadik. Biroq byudjetdan yetarli mablag‘ni ajratib berish imkoniyati mavjud, - deydi Odil Isoqov.

O‘simliklarni himoya qilish markazi bu vaqtgacha kapalak qurtiga qarshi biologik va mexanik yo‘llar bilan kurashib kelinganini ma‘lum qildi. Ammo, kelgusi yildan boshlab 15 ming gektar maydonga yetuvchi demilin kimyoviy dorisini sepish orqali kapalak qurtidan qutilish ko‘zlanmoqda.

"Bizda mavjud bo‘lgan pestitsidlarimizning kimyoviy ta‘siri bor. Undan yetarli miqdorda bo‘lishiga qaramasdan biz qo‘llamadik, chunki Bo‘stonliq kurort zonasi hisoblanadi. Lekin, demilin dorisini biz chetdan sotib oldik, u xususiyati bo‘yicha deyarli mikrobiologik dorilarga yaqin. Atrof muhitni ifloslantirmaydi hamda inson va jonivorlar sog‘lig‘iga zarar yetkazmaydi", deydi Odil Isoqov.

Zarakunanda qurtlar allaqachon kapalakka aylangani bois ayni damda unga qarshi kurashish imkonsizligi aytilmoqda.

Bo‘stonliq tumani atrof-muhiti haqida ko‘plab maqolalar yozgan yozuvchi va publitsist Dadaxon Nuriy tumanda kapalak qurti ko‘payib ketish holi oldin ham bo‘lganini aytadi.

- Bundan 6-7 yil ilgari dala hovlimizning tepasidagi tog‘ni o‘rmon qoplab yotardi. Qurtlar hamma barglarni yeb shoxlarni quruq qoldirgandi. Bu yil u darajada emas. Mahalliy keksalarning aytishicha, kun issiq bo‘lsa yo‘q bo‘lib ketishi mumkin ekan, - deydi Dadaxon Nuriy.

Kapalak qurti yo‘qotish qiyin bo‘lgan zararkunandalar qatoriga kiradi. Olimlar shu paytgacha ushbu qurtning faqatgina tez ko‘payib ketmasligini nazorat qilish mumkinligini aytishadi.

Kapalak qurti ko‘payib faollashgan vaqti minglab gektardagi daraxtlarning 70 foizgacha bargini yeb bitirishi mumkin.

Agar qurt kelasi yil ham ko‘p bo‘lsa ushbu o‘simliklar umuman qurib qolishi aytiladi.

Kapalak qurti Markaziy Osiyoning tog‘li hududlarida tarqalgan.