Suriyada hukumatparast telekanalga qarshi hujumda uch kishi o‘ldirilgan

Image copyright Reuters
Image caption Ixbariya TVga qarshi uyushtirilgan hujumda uch kishi o‘ldirilgani aytiladi

Suriya davlat matbuotiga ko‘ra, qurolli kishilar hukumatparast telekanal idorasiga hujum qilganlar.

Poytaxt Damashqdan 20 chaqirim uzoqlikdagi Ixbariya TVga qarshi uyushtirilgan hujumda xabarlar tayyorlanuvchi xona portlatilgan.

Bir necha soat avvalroq Prezident Bashar al Assad Suriya "haqiqiy urush" ichida qolganini aytgan, AQSh xavfsizlik rasmiylari esa yaqin orada nihoyasiga yetmaydigan jangni bashorat qilganlar.

BMTning inson haqlari bo‘yicha tergovchilari ham o‘zlarining oxirgi hisobotlarida Suriyadagi ziddiyat fuqarolar urushiga aylanayotganini aytganlar.

BBCning Bayrutdagi muxbiri Jim Myuirning aytishicha, chorshanba kuni Suriya televideniyesi odatiy dasturlarini to‘xtatib, Drusha shahridagi Ixbariya TV qarorgohi hujumi tafsilotlarini jonli ravishda uzata boshlagan.

Davlat televideniyesi yoqib yuborilgan va vayronaga aylangan, hamda tutun burqsib chiqayotgan binolarni namoyish qilgan.

Suriya aloqa vaziri hujum maskaniga safari ortidan uch kishi o‘g‘irlab ketilgani, hamda qo‘llari bog‘langan holda o‘ldirilganini ma‘lum qilgan.

Dushanba kuni mazkur telekanalga qarshi Ovro‘po Ittifoqi o‘z sanktsiyalarini e‘lon qilgandi.

Hujumdan avvalroq poytaxt Damashq atroflarida Suriya qo‘shinlari va muxolif kuchlar o‘rtasida qaqshatqich janglar davom etgan. O‘nlab odamlar nobud bo‘lgan janglarni isyonchilar shu kungacha yuz bergan eng qaqshatqich jang deya tasvirlashgan.

Britaniyada joylashgan Suriya muxolifati janglar Prezident Assadning ukasi Maher rahbarlik qiluvchi Respublikachi Qo‘riqchilar mavqelari yaqinida yuz berganini aytgan. Mazkur qo‘riqchilar vazifasi poytaxtni himoya qilishdir.

Muxbirimizning aytishicha, oxirgi zo‘ravonliklar janob Assadning Suriya urush ichida qolayotgani borasidagi bayonotiga isbotdir.

O‘zining yangi tayinlangan vazirlar mahkamasiga yuzlanib gapirgan Prezident Assad uni hokimiyatdan voz kechishga chaqirayotgan mamlakatlarni qoraladi va "G‘arb faqat oladi, lekin hech bermaydi, buni tarix bir necha bor isbotlagan", deb aytdi.