Mahkama: "Yosh bolalarni sunnat qilish – tanga ozor berishga teng"

Image copyright AP
Image caption Olmoniya mahkamasi bolani sunnat qilish - uning taniga ozor berish ekanini aytmoqda

Olmoniya mahkamasi diniy urf-odatlarga muvofiq yosh bolalarni sunnat qilishni tanga ozor berishga teng amal, deb topgan.

Olmon mahkamasining hukmi yahudiy va musulmon jamoalari orasida qahru-g‘azabga sabab bo‘lgan.

Ammo, mahkamaning aytishicha, bolaning jismoniy daxlsizlik huquqi diniy va ota-ona haqlaridan ustunroq turadi.

Olmoniya mahkamasining bunday qaror bilan chiqishiga shifokor tomonidan sunnat qilingan to‘rt yashar go‘dakning ahvoli yomonlashib qolgani sabab bo‘lgan.

Olmoniyada yiliga minglab musulmon va yahudiy bolalari sunnat qilinadi.

Mamlakatda xotin-qizlarning sunnat qilinishi noqonuniy sanalsa-da, o‘g‘il bolalarniki qonunan man etilmagan.

Mahkama hukmida, yana shuningdek, sunnat qilish "bolaning yoshi ulg‘ayib, qaysi dinga e‘tiqod qilish istak-xohishiga ham zid amal" ekani aytiladi.

"Diniy erkinlikni himoya eting"

Mahkama hukmi unga qat‘iyan amal qilinishini ko‘zda tutmaydi va ahvoli og‘irlashib qolgan bolakayni sunnat qilgan shifokor ham oqlangan.

Biroq, muxbirlarga ko‘ra, boshqa olmon mahkamalari ham qaror berganidan o‘rnak olishlari mumkin.

Olmoniya Yahudiylar Markaziy Kengashi prezidenti Diter Gromanning aytishicha, "bu – diniy jamoalarning ichki ishlariga mislsiz va dramatik bir tarzda aralashuvdir".

Janob Gromann mamlakat parlamentini "diniy erkinlikni hujumlardan himoya etish uchun" ushbu masalaga qonuniy jihatdan oydinlik kiritishini so‘ragan.

Yahudiylik va Islomda ko‘zda tutilgan sunnat amali qadimiy diniy urf-odatlarga borib taqaladi.

Boshqa davlatlar, jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham ota-onalarining tibbiy sabablar tufayli o‘z bolalarini sunnat qildirishlari kam uchraydigan voqe‘lik emas.

Olmoniyadagi muxbirimiz Stiven Evansning aytishicha, bu masalada keyingi huquqiy qadamning qanday bo‘lishi ma‘lum emas.

Ammo, muxbirimizga ko‘ra, ushbu muammo – axloqiy va siyosiy jihatdan nihoyatda qaltislaridan biridir.