Ruslan Chagayev: "London Olimpiadasida imkoniyatlarimiz yaxshi"

Image copyright AFP

Dongdor bokschi, professional boksning WBA yo‘nalishida sobiq Jahon chempioni Ruslan Chagayevning aytishicha, London Olimpiadasida o‘zbekistonlik bokschilar kamida ikkita medal olishlariga ishonchi komil.

"Chunki hozir O‘zbekistonda yosh, istiqbolli bokschilar ko‘p. Bokschilarimiz juda yaxshi", deydi Ruslan.

XXX London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining ochilishiga esa, bugun roppa-rosa 1 oy qoldi.

Havaskor bokschi ekani paytida Ruslan Chagayevning o‘zi O‘zbekistonni Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ikki bor namoyon etgan.

1996 yilgi Atlanta va 2000 yilgi Sidney Olimpiada O‘yinlarida og‘ir vazn toifasida ringga tushgan Ruslan har ikki gal ham birinchi jangini muvaffaqiyatli o‘tkazib, ikkinchisini boy bergan.

Ammo o‘z vazn toifasida qator Jahon va Osiyo chempionatlari g‘olibi.

Olimpiada O‘yinlarining o‘ziga xosliklariga to‘xtalar ekan, Ruslan Chagayev dunyodagi eng yirik sport bellashuvining o‘zi g‘olib chiqqan xalqaro turnirlardan farq qilishini aytadi.

"Boks bo‘yicha Jahon chempionatlari nari borsa 10-12 kun bo‘ladi. Olimpiada O‘yinlarida esa, bugun ringga tushsangiz, keyingi jangingiz ikki kun yoki bir haftadan keyin bo‘lishi mumkin. Shu sababdan ham, jangga tayyorlanish qiyin bo‘ladi".

O‘zbekistonlik dongdor bokschi, o‘z o‘rnida, Olimpiada O‘yinlarida o‘ziga g‘alaba nasib etmaganidan pushaymon emasligini aytadi.

"Ha, endi bu peshana...(kuladi). Ammo havaskor boksda ham ikki marotaba Jahon chempionatida yutganman, Xudoga shukur. Professional boksda ham shu darajaga yetdim. Yo‘q, hech qanaqa pushaymonligim yo‘q", deydi u.

Ruslan Chagayev bilan suhbatni mana bu yerdan tinglang

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Boks terma jamoasi

Image copyright AP

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, oson bo‘lmagan ikki saralash turniridan so‘ng, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi London Olimpiada O‘yinlariga eng ko‘p yo‘llanma olgan jamoalardan biriga aylangan.

Ya‘ni, London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistonni olti nafar bokschi namoyon etadi.

Ularning orasida havaskor boksda ikki karra Jahon chempioni Abbos Atoyev, Osiyo O‘yinlari kumush medali sovrindori O‘ktam Rahmonov, qator xalqaro turnirlar g‘olibi Elshod Rasulov va Fazliddin G‘oipnazarovlar bor.

So‘nggi rasmiy ma‘lumotlarga qaralsa, London Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistondan 53 sportchi 15 sport turi bo‘yicha ishtirok etadi.

O‘zbekiston paralimpiya sportchilari ham 10 litsenziyani qo‘lga kiritishgan.

Ammo o‘yinlarda ishtirok etish huquqini beruvchi saralash bosqich bellashuvlari hanuz davom etmoqda.

Bu yilgi Yozgi Olimpiada o‘yinlari 27 iyuldan 12 avgustga qadar davom etadi.