O‘zbekistonlik "qotillar" sudlanadi

Image copyright RIA Novosti

Rossiya Bosh prokuraturasining bildirishicha, xotin-qizlarni o‘ldirish bilan shug‘ullanishda ayblangan besh nafar O‘zbekiston fuqarosining jinoiy ishi mahkamaga oshirilgan.

Bu haqda prokuraturaning veb sahifasida rasmiy bayonotida aytiladi.

Ayblov xulosasidan ayon bo‘lishicha, 24 yoshli Xushnud To‘raqo‘lov, 20 yoshli Abdug‘ani G‘aniyev, 21 yoshli Dilshod Jo‘rayev, 27 yoshli Iskandar Rahmatov va 23 yoshli Suxrob Rajapovlar yana qator jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanishmoqda.

Ularning sirasida "Odam o‘g‘irlash", "Hujjatlarni soxtalashtirish", "Qasddan o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish" va "giyohvand moddalarni saqlash" kabi ayblovlar tilga olinadi.

Prokuratura bayonotida ularning Moskvada qanday yumushda band bo‘lganliklari aytilmaydi.

Tergov tomoni ilgari surayotgan farazlarga ko‘ra, Xushnud To‘raqo‘lov bundan ikki yil burun noma‘lum shaxslar bilan birga moskvalik bir ayolni o‘ldiradi va shundan so‘ng jinoiy guruh tuzadi.

Buni esa, ayollarga hujum qilish, ularni olib qochish, o‘ldirish va shaxsiy buyumlarini o‘zlashtirish maqsadida qiladi.

Jinoyat tafsilotlari

Prokuratura bayonotida keltirilgan tafsilotlarga ko‘ra, guruh a‘zolari Moskva shahar ko‘chalarida taksichi qiyofasida yurib, taksiga zarurati bo‘lgan ayollarni izlab yurishadi.

Bo‘lajak qurbonlarini topgach, sal nariroqda to‘xtab, haydovchidan boshqa hamma mashinadan tushib qoladi.

Haydovchi esa, mijoz bilan kelishib, uni mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirishga taklif etadi.

Xuddi shu paytda uning hamtovoqlari yugurib kelib, mashinaga ikki tomondan minib olishadi va ayolning yo‘lini to‘sib qo‘yishadi.

Shundan so‘ng, haydovchi voqea joyidan qochib qoladi.

Mashinalari bo‘lmagan paytda esa, pana-pastqam va yaxshi yoritilmaydigan yerlardan o‘z qurbonlarini qidirishadi.

Ularning qalbaki pasport, haydovchilik guvohnomasi, yashash joyida qayddan o‘tganlikka oid hujjatlardan foydalanganliklari va qurol sifatida uchi o‘tkir va keskir buyumlarni qo‘llaganliklari aytiladi.

Tergov materiallaridan ma‘lum bo‘lishicha, beshovlon 2010 yilning dekabridan 2011 yilning yanvar oyiga qadar alohida jinoiy ish ochilgan boshqa shaxslar bilan birga uchta ayolni o‘ldirishgan, bittasini olib qochib, o‘ldirmoqchi bo‘lishgan va bosqinchilik maqsadida hujum qilishgan.

Mas‘ullarga ko‘ra, tezkor-tergov guruhining sa‘y-harakatlari yordamida ularni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lishgan.

Agar ular mahkama tomonidan aybdor, deb topilishsa, 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishlari mumkin.

O‘zbekiston fuqarolari ustidan mahkama jarayonining tez orada boshlanishi kutilmoqda.

Rossiya ommaviy-axborot vositalaridagi xabarlardan ayon bo‘lishicha, ularning o‘zlari sodir etilgan jinoyatlarga hech bir aloqalari yo‘qligini aytishgan.