Shinjonda uchoqni olib qochishga urinilgan

Image copyright weibo.com
Image caption Terroristlar deb gumon qilinganlarning shaxsi oshkor etilmagan.

Xitoyning Shinjon Uyg‘ur muxtor viloyatida "Tianjun Aerlaynes" (Tianjin Airlines) aviakompaniyasining uchog‘ini olib qochishga urinish harakati bartaraf qilingan, - deb xabar beradi Sinxua axborot agentligi.

Xaton-Urumchi yo‘nalishi bo‘yicha uchuvchi uchoq parvozidan 10 daqiqa so‘ng Xotan cho‘llari ustidan o‘tayotganda olti kishi uchoqni qo‘lga olmoqchi bo‘lganlar.

Ekipaj a‘zolari va yo‘lovchilarning birgalikda harakatlari natijasida jinoyatchilar ushlangan va qurolsizlantirilgan, - deb aytilgan rasmiy xabarda.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, Shinjon-Uyg‘ur viloyatida bo‘lginchilik kayfiyatlari kuchli, turli to‘dalar faoliyati aniqlangan.

Xitoy hukumati uyg‘urlarni bo‘lginchilikda ayblab keladi, inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, Xitoy hukumati etnik uyg‘urlarga nisbatan tazyiqlarini bo‘lginchilik, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash bilan oqlaydi.

Hodisada bir necha kishi yengil jarohat olgan. Ekipaj aeroportga qaytishga qaror qilgan.

Terroristlar deb gumon qilinganlarning shaxsi oshkor etilmagan.