Britaniya fuqaroligini olmoqchi bo‘lganlar ko‘proq o‘qishlari kerak

Image copyright PA
Image caption Britaniya pasportini olish uchun endi mamlakat tarixini jiddiy o‘rganish talab qilinadi

Britaniyaning Sunday Times gazetasi xabar berishicha, Britaniya ichki ishlar vaziri Tereza Mey mamlakat fuqaroligini olish imtihoniga o‘zgartirishlar kiritish niyatida.

Britaniya fuqaroligini olmoqchi bo‘lganlar "Britaniyada hayot", deb nomlangan imtihon topshirishlari kerak. Imtihon 2005 yilda joriy qilingan.

Qayta ko‘rib chiqiladigan sinov nusxasida Buyuk Britaniyadagi kundalik hayotga doir savollarga kamroq e‘tibor karatilib, Britaniya tarixi va yutuqlari borasida ko‘proq bilim talab qilinadi.

Sinovga tayyorlanayotgan muhojirlar milliy madhiyaning "Xudo, Qirolichani panohingda asra", degan birinchi misralarini yodlashlari va Britaniya - tarixan xristian mamlakatligini esda saqlashlari lozim bo‘ladi.

Shuningdek, Britaniya fuqarosi bo‘lishni xohlaganlar Bayron, Shekspir kabi mashhurlar haqida bilishlari, Britaniya harbiy tarixi qahramonlari, olim va sayohatchilari to‘g‘risida bilimga ega bo‘lishlari so‘raladi.

Ayni paytda, inson huquqlari va yordam puli olish kabi masalalarga tegishli bandlar qisqartirilishi mumkin.

Imtihonga tayyorlanish bo‘yicha qo‘llanma shu yil kuzda chiqishi kutilmoqda.

45 daqiqalik muddatga mo‘ljallangan sinov loyihasi Britaniyaning 90 dan ortiq test markazlariga tarqatiladi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibining BBCga aytishicha, "Britaniya madaniyati va tarixiga ta‘luqli voqea-hodisalar test savollari sifatida qo‘yilishi fuqarolikni olmoqchi bo‘lgan insonlarga Britaniya hayot tarzini tushunib borish va jamiyatga tezroq moslashishni ta‘minlaydi".