"O‘zdunrobita" rahbari qo‘lga olingan"

Image copyright mts.ru
Image caption "MTS O‘zbekiston" shirkati 9 milliondan ortiq abonentlarga xizmat ko‘rsatadi

Rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, "O‘zdunrobita" bosh direktori Behzod Ahmedov Rossiyada ushlanib, O‘zbekistonga olib borilgan.

"MTS" Ochiq Hissadorlik Jamiyati matbuot kotibi Yelena Koxanovskaya esa, BBCga Behzod Ahmedov tutilganidan bexabar ekanini aytdi:

"Biz Behzod Ahmedov haqida hech narsa bilmaymiz. Bu masalada O‘zbekiston Xavfsizlik Xizmatiga murojaat qilsangiz yaxshiroq, deb o‘ylayman".

Rossiya va boshqa MDH davlatlaridagi yirik telekommunikatsiya operatorlaridan biri sanalgan "MTS"ga tegishli "O‘zdunrobita" shirkati faoliyatida bir qator qonunbuzarliklarni aniqlagani aytilgan, bungacha esa, MTSning O‘zbekistondagi rahbari Bekzod Ahmedovning qochib ketgani haqida xabar chiqqan edi.

"MTS" Ochiq Hissadorlik Jamiyati esa, rasmiy bayonot chiqarib, O‘zbekistondagi bo‘limlarini tekshirayotgan mamlakat davlat idoralari ishidagi qonunbuzarliklar shirkatning u yerdagi faoliyatini xavf ostiga qo‘yishini aytgandi.

Ochiq Hissadorlik Jamiyati "O‘zdunrobita" va uning bo‘linmalarida 2004 yildan buyon muntazam ravishda olib borilgan soliq tekshiruvlarida qonunga zid biror bir jiddiy holat aniqlanmaganini ta‘kidlaydi.

Ammo, kuzatuvchilar O‘zbekiston rahbariyatini mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorij shirkatlarni tortib olish yo-da, o‘rnini boshqa shirkatlarga bo‘shatish maqsadida turli kamchiliklar topishda ayblaydilar.

O‘zbekiston bilan xorij shirkatlari o‘rtasidagi muammolar qay yo‘sin paydo bo‘ladi?

Image copyright none
Image caption Vohid Gunesh O‘zbekiston rasmiylari tomonidan qiynoqqa tutilganligini aytib, mahkamaga shikoyat qilgan

Biz O‘zbekistonda "Turkuaz" shirkatiga asos solgan, biroq keyinchalik u yerdagi 7 yillik faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan turkiyalik ishbilarmon Vohid Guneshni suhbatga tortdik:

Vohid Gunesh: O‘zbekistonda biznes qilish juda qiyin. O‘zbekistonda ish qilsangiz, oxiri ma‘lum, buning so‘nggi huquq-tartibot organlari bilan to‘qnashuv, mol-mulkingizni o‘g‘irlanishi bilan tugaydi. Bundan tashqari, O‘zbekiston iqtisodi ham muammolar bilan to‘la. Maosh juda kam. O‘zbekistonni boshqarayotgan insonlar halqning yuksalishini istamaydilar. Tashqaridan qaraganlar "O‘zbekistondagi bozor bo‘sh, ish qilsa bo‘ladi, 27 millionlik aholisi bor", deb o‘ylaydilar. Ammo, ish boshlaganingizdan keyin, har qadamda to‘siqlarga duch kelasiz. Bir talay muammolar keltirib chiqariladi. Sizni chuqurga itaradilar. Chuqurdan chiqishingiz uchun esa, pulingizni oladilar. Ko‘p yillar mujodala qilasiz, talashib tortishishingiz mumkin, lekin, oxir-oqibat ular sizni uzoq yil qamoq jazosiga kesib yuboradilar. O‘zbekistonning o‘zidagi tadbirkorlar uchun ham vaziyat xuddi shunday: mol-mulkingiz, uy-joyingiz, avtomashinangizni tortib oladilar, oilangizni ko‘chaga, sizni esa, qamoqqa tashlaydilar. Ayni shaklda biz uzoq paytlar hibsda qoldik va buni ko‘rdik. Xullas, vaziyat qo‘rqinchli u yerda.

BBC: Siz o‘zingiz qachon ish boshlagan edingiz va necha yil u yerda risoladigidek, ish yuritishga muvaffaq bo‘ldingiz? Bunga imkoniyat bo‘ldimi?

Vohid Gunesh: Ishni 2004 yilda boshladik. U yerda 7 yil ishladik. 7 yil boshimiz g‘avg‘odan chiqmadi. Faqat talashib tortishdik. Turkiyadan katta miqdorda sarmoyalar kiritdik. Toshkent markazidagi eski GUM sotib oldim va ta‘mirladim. U yerga bor kuch - quvvatimni sarfladim. Gumni go‘zallashtirdik. Ana undan keyin tortib olishdi. Bundan tashqari, Samarqandda chiroyli bir savdo markazini ochdik. Toshkentda ko‘p yillar davomida bo‘sh turgan matbuot binosini savdo markaziga aylantirdik. Shuningdek, Olmaliqdagi kinoteatrni ta‘mirladik va savdo markaziga aylantirdik. Xullas, O‘zbekistonda qilgan ishlarimizning hisobi yo‘q. Shuncha ishni qilgan chog‘ingizda qurolli insonlar sizning markazingizni bosib olishadi. Hibsga olishadi. Ana shundan keyin qutilish uchun esa, pora berishga majbursiz.

BBC: Ammo, Siz ma‘lum muddat biz yaxshi ishladik deb aytayapsiz. Demak, Siz yaxshi sharoitda ishlagansiz. Agar Siz qonunlarga rioya qilgan bo‘lsangiz, muammolar nimadan kelib chiqdi?

Vohid Gunesh: U yerdagi siyosat shunday, bir muddat sizga yordam berishadi. Keyin esa, tortib olishadi. Bu xuddi qo‘yni boqib semirtirib so‘yishga o‘xshaydi. Meni ham aeroportda gullar bilan kutib olishgandi. Hokimlar bizga kelib: "Nima yordam kerak", deb turishgan. Keyin bo‘lsa, xuddi qo‘yga o‘xshab semirtirib so‘yishdi. Bu u yerdagi siyosatning, tuzoqning shakli bu. Biz O‘zbekistonga yaxshi niyatlar bilan ketgandik. Aybimiz faqat tijorat bilan shug‘ullanganimiz bo‘ldi. Siyosatga aralashganimiz yo‘q.

BBC: Siz tijorat qilgan paytingizda faqat zarar ko‘rdingizmi, hech foyda olmadingizmi?

Vohid Gunesh: Yaxshi foydalar ko‘rdik, lekin biz ko‘rgan foydalarimizning bir tiyinini ham Turkiyaga olib kelmadik. Hammasini O‘zbekistonda sarmoya sifatida yotqizdik. O‘zbekistondagi shirkatlarimda bir necha yuz odam ishlardi. Turkiyada 10 mingga yaqin odam biz bilan hamkorlik qilardi. Ular ham ishsiz qoldi. Alal - oqibat, menku hech narsa yo‘qotganim yo‘q, O‘zbekistonning o‘zida minglarcha odamlar ishsiz qoldi.

BBC: Shunday ekan, nima uchun xorijiy shirkatlar O‘zbekistonga biznes qilish uchun borishadi? Agar sharoitlar yomon bo‘lsa, oqibat Siz aytayotgandek, qo‘rqinchl bo‘lsa, xorij shirkatlarini O‘zbekistonga yetaklayotgan narsa nima?

Vohid Gunesh: Kim boryapti hozir? Borayotgan odam yo‘q-ku. Bironta shirkatning nomini ayting menga. Kim ishlayapti? O‘zbekistonga kiritiligan sarmoyaning qancha ekanligini menga aytasizmi? Ular yo‘q hisobi.

BBC: O‘zbekistonga borib, ish qilib, muammolarga duch kelgan faqat turk shirkatlarimi yoki boshqalarga ham munosabat shundaymi?

Vohid Gunesh: Faqat turk shirkatlari emas. Ammo, u yerda turk shirkatlari ko‘p bo‘lgani uchun ular ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Bu muammolar o‘zbek fuqarolarining ham boshida bor. Xitoylikka shunday munosabat qilishadi. Biroq, ularning soni kam. O‘zbekistonda 500ta turk shirkati bo‘lgan bo‘lsa, xitoyliklarniki 5ta. Ulardan bittasi yopilsa, bilinmaydi. Lekin, turklarniki 50tasi yopilsa, darrov ko‘zga tashlanadi. Buning iqtisodiy va siyosiy sabablari bor. Siyosati jihati shuki, agar biron bir shirkat kuchayib ketsa, u tepadagilar, ya‘ni hukumatdagilarga tahdid sifatida ko‘riladi. Shuning uchun, O‘zbekistonda katta shirkatlar kerak emas deyishadi. Bunda mantiq qani? 2005 yilda O‘zbekistonda 500dan ortiq turk shirkati bor edi. Nima uchun ko‘p edi? Biz O‘zbekistonni qardoshimiz, deb bilganmiz. Millatimiz bir, dinimiz bir, hamma narsamiz bir, deb o‘ylagandik. Hali ham shunday fikrdamiz. Ammo, hozir O‘zbekistondagi turk shirkatlari soni 200ta qoldi. Qolganlariga nima bo‘lgan? Bizda bo‘lgani kabi muammo yaratilgan va yopilgan. Agar biron shirkat xato qilsa, jarimaga torting. Ularni qamab, mamlakatdan chiqarib yuborishda qanday mantiq bor? "Turkuaz" shirkati O‘zbekistonga 50 million sarmoyaga kiritgandi. Xatomiz bo‘lsa, nima uchun jarimaga tortishmadi? Aksincha, mol-mulkimizni tortib olib, o‘zimizni qamashdi. Bu yerda odamlarning aybi yo‘q. Yomon niyat bor. O‘zbekistonda avval odamlarni so‘yishadi, keyin mahkamaga olib chiqishadi. Bularning hammasi - teatr tomoshasi.