Rossiya harbiy bazasi borasida yana Dushanbe va Moskva "savdolashmoqda"

Image caption 201-diviziya yoki harbiy baza Tojikistonda Sho‘rolar zamonidan saqlanib qolgan.

Tojikiston Mudofaa vazirligi Rossiya qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i general-polkovnik Vladimir Chirkinning Tojikiston Rossiya bazasi borasidagi kelishuvni cho‘zishni ortga surayapti, degan bayonotiga munosabat bildirgan.

Vazirlik general-polkovnik Chirkinning mintaqa mamlakatlari o‘rtasida urush kelib chiqishi mumkin, degan gaplarini "siyosiy noto‘g‘ri" deya baholagan.

Bir necha kun oldin Rossiya parlamenti yuqori palatasida chiqish qilgan general-polkovnik Vladimir Chirkin "O‘rta Osiyoda mahalliy harbiy mojarolar kelib chiqishi mumkin", deb aytgan.

"Markaziy Osiyo mamlakatlarida energetika, suv va yerdan foydalanish sohalarida davlatlararo qarama-qarshiliklarning yanada kuchayishi ehtimolidan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida mahalliy harbiy mojarolar kelib chiqishi mumkin", degan Rossiya qurolli kuchlari rahbari.

General-polkovnik Chirkin "Tojikistondagi Rossiya harbiy bazasi muddatini uzaytirish shartnomasini imzolashga to‘sqinlik qilayotgan ko‘plab muammolar bor", deb aytgan.

Rossiyalik general bayonoti Tojikistonda qizg‘in muhokamalarga ham sabab bo‘lgan.

Tojikiston Mudofaa vazirligi tarqatgan bayonotda aytilishicha, Rossiya harbiy bazasi bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida muzokaralar hali ham davom etayapti, bu muzokaralarda agar tomonlarning yaxshi niyati namoyish etiladigan bo‘lsa, hamma masalalar ko‘zlangan muddatda hal bo‘ladi.

General-polkovnik Chirkinning mintaqa mamlakatlari o‘rtasida urush kelib chiqishi mumkin, degan tahdidiga Tojikiston mudofaa vazirligi, janob Chirkin bu haqda ommaga e‘lon qilmasdan, tegishli tizimlar, misol uchun ODKB orqali bunday xavfdan ogohlantirishi mumkin edi, degan.

"Shuning uchun ham bunday bayonotlar mavjud bo‘lgan muammolarni hal etishga yordam bermaydi", deyiladi vazirlik bayonotida.

Xavfsizlik kafolatimi yo barqarorlikka tahdid?

Rossiya harbiy bazasi bo‘yicha bitim 2004 yilda 10 yillik muddatga imzolangan edi.

Rossiya 201-harbiy bazadan 2014 yil kuzigacha biror bir mone‘liksiz foydalanishi mumkin, biroq tahlilchilar fikricha, Rossiya hozirning o‘zida bu baza 2014 yildan keyin ham Tojikistonda saqlanib qolishiga kafolat olishni istaydi.

Shuning uchun 2011 yil sentyabrida Tojikistonga borganida o‘sha paytdagi Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev ikki tomon baza muddatini yana 49 yilga uzaytirishga kelishib olishdi, deb aytgan edi.

Ammo uning bu gapini Tojikiston rahbari tasdiqlamagan.

"O‘sha matbuot anjumanida men ham ishtirok etgandim va janob Medvedev yonida bo‘lgan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon rossiyalik hamkasbining bu bayonotiga hech qanday izoh bermagan edi. O‘shandan keyin Tojikiston matbuotida agar Rossiya bazasi muddati uzaytiriladigan bo‘lsa, bu Tojikiston mustaqilligiga zid degan mazmundagi ko‘plab maqolalar e‘lon qilindi. Hozir Tojikistonning Moskvadagi elchisi ma‘lum qilishicha, bu borada muzokaralar borayapti va Tojikiston tomoni bu muddatni 49 emas, 10 yil bo‘lishini istayapti. Bu esa Rossiya tomoniga ma‘qul emas va ular o‘z bazalari muddati yanada ko‘proq bo‘lishini xohlayaptilar. Bugun esa Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Tojikistondagi 201-diviziyani rivojlantirishni moliyalashni to‘xtatmoqchimiz, sababi baza kelajagi mavhum, degan bayonot berdi", deydi BBCning Dushanbedagi muxbiri Iskandar Feruz.

201-harbiy baza Rossiyaning xorijdagi eng yirik bazasi bo‘lib qolmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, mintaqadagi murakkab vaziyat, xususan Afg‘onistondagi ahvol hamda Markaziy Osiyoda AQSh va NATO qo‘shinlari saqlab turilganini inobatga olib, Rossiya bu yerda o‘z bazasining imkoni boricha ko‘proq qolishini istaydi.

"Tojikiston uchun bu baza chetdan xurujlardan himoya kafolati bo‘lib kelayotgan edi. Ammo Rog‘un GESi qurilishi bilan bog‘liq bahslarda Tojikiston Rossiya O‘zbekistonning tarafini oldi, deb ko‘rganidan keyin bu baza Tojikiston barqarorligiga xavf solishi mumkinligi haqidagi maqola va bayonotlar ham yangray boshlagan", deydi BBC muxbiri.