Pokiston AQShga ta‘minot yo‘lini qayta ochishga rozi, buyog‘i nima bo‘ldi?

Image copyright AP

Pokiston Afg‘onistonda joylashgan NATO boshchiligidagi qo‘shinlarga yuklarni tashish uchun o‘ta muhim bo‘lgan tranzit yo‘llarini qayta ochib beradi.

Vashington va Islomobodning ma‘lum qilishicha, bu qarorga AQSh o‘tgan noyabrda 24 Pokiston askarini o‘ldirgani uchun kechirim so‘rashi ortidan erishilgan.

Mazkur qaror Afg‘onistondan chiqib ketishga shaylanayotgan AQSh uchun yuz millionlab dollarni tejab qolishga yordam beradi.

Pokiston bu bilan AQSh va boshqa NATO davlatlarining Pokiston bilan munosabatlari yaxshilanishiga umid qilishini bildirdi.

Yangilik yuzaga chiqishi bilanoq Pokistondagi Tolibon NATO karvonlariga hujum qilishini aytib, tahdid qildi.

AQSh Davlat Kotibi Hillari Klinton bu qaror haqida pokistonlik hamkasbi Xina Rabboniy Xor bilan telefon suhbati ortidan ma‘lum qildi.

"Men nobud bo‘lgan pokistonlik askarlarning oilalariga chin dildan ta‘ziya izhor qildim", - dedi Klinton xonim o‘z bayonotida.

Markaziy Osiyo masalasi-chi?

Ammo shu oy boshida Nato Afg‘onistondagi minglab harbiy jihozlarini olib chiqib ketish borasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan rasman kelishuvga imzo chekkanini bildirgandi.

Erishilgan bitimlar NATOga o‘zaro munosabatlari so‘nggi yillarda keskin yomonlashib ketgan Pokistonning yordamidan foydalanmaslikka imkon berardi.

NATO Bosh kotibi Anders Fox Rasmussen shu oy o‘rtalarida Afg‘onistonga Pokiston orqali tranzit yo‘li "yaqin kelajakda" ochilishiga umid bildirgandi.

Chunki Afg‘onistondan chiqib ketishni rejalayotgan NATO bu borada ko‘proq tanlovga ega bo‘lish istagida.

Pokiston orqali o‘tuvchi yo‘lakning qayta ochilishida masalaning moliyaviy tomon ham katta rolь o‘ynaydi.

Xabarlarga ko‘ra, shimoliy Markaziy Osiyo ta‘minot yo‘li janubiy tranzit yo‘liga qaraganda kamida ikki barobar qimmatga tushadi.

Xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, janubiy ta‘minot yo‘lining ochilishi NATO va AQShga har tomonlama o‘ng‘ay bo‘ladi.

"Bu AQSh va NATO uchun nihoyatda muhim qaror. Ya‘ni ikkovlon Afg‘onistonda to‘planib qolgan katta sondagi harbiy uskunalarni Pokiston bandargohlari orqali dengizga olib chiqishi va bu yerdan kemalar yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z hududlariga yetkazishlari mumkin. Umumlashtirib aytganda esa, Pokiston orqali o‘tuvchi tranzit yo‘li ular uchun tezroq, arzonroq va har xil siyosiy oldi-berdilardan anchayin xoli tanlov bo‘ladi", deydi Londondan tahlilchi Jon MakKartni.

Tranzit to‘lovlari

Yetti oy davom etgan mojaro ikki tomon ham bo‘sh kelishni istamagani tufayli AQSh-Pokiston aloqalariga o‘ta salbiy ta‘sir qilgan.

Mojaro o‘tgan yili noyabrda AQSh uchoqlari afg‘on chegarasiga yaqin hududdagi ikki postga havodan hujum qilib, 20dan ortiq askarni o‘ldirishi bilan boshlandi.

Hujum ortidan afg‘on rasmiylari NATO kuchlari Pokiston tarafidan otilgan o‘qlarga javoban o‘t ochganini aytishgandi, biroq Pokiston buni rad qilgan.

Pokiston orqali o‘tadigan tranzit yo‘li 2014 yilda Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga tayyorlanayotgan AQSh uchun o‘ta muhimdir.

Xabarlarga ko‘ra, endi AQSh Pokiston armiyasiga 1 milliard dollar ko‘mak pulini berishi mumkin.

O‘z bayonotida Klinton xonim: "Tashqi Ishlar Vaziri Xor va men Pokiston askarlari o‘limiga yetaklagan xatolarni tan oldik. Biz Pokiston harbiylari boshiga tushgan talofatlar uchun kechirim so‘raymiz. Bu yana qayta takrorlanmasligi uchun biz Pokiston va Afg‘oniston bilan yaqindan ishlashga bel bog‘laymiz", - deb aytdi.

Islomobod yo‘llar qayta ochilganda, tranzit to‘lovlari narxini oshirmasligini bildirgan.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, hozirgacha bir yuk mashinasi uchun to‘lab kelingan 250 dollarlik to‘lov o‘zgarmay qoladi.

Lekin, Vashington yuklar o‘tishi qayta yo‘lga qo‘yilishi uchun Pokistonning bir konteyner uchun 5 ming dollar so‘rashi ortidan, unga rozi bo‘lgan.

Aloqalar yaxshilanganmi?

BBC muxbiri Kim G‘attasning xabar qilishicha, Vashington uzoq vaqt kechirim so‘rashdan bosh tortib keldi, chunki amerikaliklar orasida Afg‘onistonda Pokistonning josuslik agentligiga aloqasi bo‘lgan jangari guruhlar hujumidan nobud bo‘lgan ko‘plab amerikalik askarlar o‘limi tufayli qattiq g‘azab mavjud.

Seshanba kuni e‘lon qilingan bayonotdan avvalroq Pokiston Bosh Vaziri Raja Parviz Ashraf bu mojaro o‘z mamlakatining AQSh va boshqa 49ta NATO a‘zolari bilan aloqalariga qattiq shikast yetkazganini aytgan.

AQSh kechirimi ortidan Pokistonning Vashingtondagi elchisi Sherri Rahmon o‘zaro aloqalar endi "yaxshiroq o‘rin"ga chiqishiga umid qilishini bildirdi.

"Men ikki mamlakat ham ko‘plab muhim masalalar, ayniqsa, mintaqaga tinchlikni olib kelish bo‘yicha bir yoqadan bosh chiqarganlariga ishonaman", - dedi Sherri Rahmon.

Mojaro davom etayotgan vaqt mobaynida AQSh Pokistonga qaramligini ozaytirib, Markaziy Osiyo orqali o‘tadigan qimmat tranzit yo‘lidan foydalandi.

Afg‘onistondagi NATO qo‘shinlarining amerikalik qo‘mondoni General Jon Allen tranzit yo‘llarining qayta ochilishi "Pokistonning Afg‘oniston va mintaqa uchun porloq kelajakka erishish istagida ekanidan dalolat beradi", - deb aytdi.

General Allen o‘tgan olti kun ichida Islomobodda ikkita muzokara o‘tkazgan.

Aprel oyida Pokiston parlamenti AQSh bilan munosabatlar bo‘yicha yangi yo‘l-yo‘riqlarni ishlab chiqqan, lekin AQSh noyabr hujumi uchun hech qanday shartlarsiz kechirim so‘rashini va dron hujumlarini to‘xtatishini talab qilgan.

O‘zaro yomonlashgan aloqalar ikki oy avval Chikagoda bo‘lib o‘tgan NATO sammitiga ham qora soya soldi – muxbirlarga ko‘ra, unda Prezident Barak Obama pokistonlik hamkasbi Osif Ali Zardoriy bilan ko‘rishishdan bosh tortdi.

AQSh va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar 2011 yilda o‘ta taranglashgandi. Bunga asosan Pokistonda may oyida al-Qoida rahbari Usamo Bin Lodinning o‘ldirilishi sabab bo‘lgan.