Ukrainada rus tilining maqomi namoyishlarga sabab bo‘ldi

Image copyright AP
Image caption Namoyishchilarni tarqatish uchun politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz ham qo‘llagan

Ukraina poytaxti Kiyevda politsiya rus tili mavqeini oshiradigan til bo‘yicha yangi qonundan g‘azablangan yuzlab namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zni yoshlantiruvchi gazni qo‘llagan.

To‘qnashuvlar Prezident Viktor Yanukovich nutq so‘zlashi mo‘ljallangan bino tashqarisida yuzaga kelgan.

Janob Yanukovichning Mintaqalar partiyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasi, ko‘plab o‘zgarishlar hech muhokama qilinmagan esa-da, seshanba kuni parlament tomonidan qabul qilindi.

Buning ortidan parlament spikeri Volodimir Litvin iste‘fo arizasini topshirgan.

Uning muovini Mikola Tomenko ham xuddi shunday yo‘l tutgan.

Loyiha ikkinchi o‘qish ortidan, iqtidordagi partiya va muxolifat a‘zolari orasidagi mushtlashuvlarga qaramay, baribir qabul qilingan.

Yangi qonun

Yangi qonun Ukraina sharqi va janubidagi ko‘plab odamlarning ona tili bo‘lmish rus tiliga "mintaqaviy til" mavqeini taqdim etadi.

Tanqidchilar bu Ukraina suverenitetiga ta‘sir qilishi va Ukrainani Moskva ta‘sir doirasiga tushib qolishiga yetaklashini aytib, xavotir bildirganlar.

Ukrain tili mamlakatning rasmiy tili bo‘lib qolishiga qaramay, rus tili rusiyzabon viloyatlarning mahkamalari, kasalxonalari, maktab va boshqa muassasalarida qo‘llanilishi mumkin.

Qonun Prezident Yanukovich unga imzo chekkanidan keyingina kuchga kiradi.

Janob Yanukovichni ko‘plab tanqidchilar Moskvaga o‘ta yaqin deb ko‘radilar.

Bugun, chorshanba kuni, to‘qnashuvlar davom etar ekan, janob Yanukovich o‘z nutqini kechiktirishga qaror qilgan.

U parlament rahbarlari va parlamentdagi fraktsiyalar rahbarlarini yuqori darajali iste‘folarni muhokama qilish uchun o‘z huzuriga chaqirgan.

Muxbirlarga ko‘ra, norozilik namoyishlarida 1 mingga yaqin faollar ishtirok etganlar.

Yangi qonunga binoan, mahalliy rasmiylar o‘z hududlaridagi kamida 10 foiz aholi qo‘llaydigan “mahalliy til”ni ishlatishlari mumkin.

Bu rasmiylar ana shu tilda so‘zlashishni bilishlari va o‘z rasmiy vazifalarini bajarish jarayonida uni qo‘llashlari kerak bo‘ladi.

Fuqarolarga ukrain yo mahalliy tilda o‘z hujjatlariga ega bo‘lish huquqi beriladi.

Yangi qonun amalda rus tiliga rasmiy til maqomini beradi, biroq u davlat tili hisoblanmaydi.