O‘shda o‘zbek tilidagi yangi mustaqil ro‘znoma chop etila boshlandi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption Yangi ro‘znoma o‘zbek media makonida yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirmoqchi

Etnik zo‘ravonliklardan jabr ko‘rgan O‘shda o‘zbek tilidagi "Daydjest" nomli yangi ro‘znomaning ilk sonlari tarqalgan.

2010 yilda nishona soni chop etilgan ro‘znoma nashri keyinroq to‘xtab qolgan edi.

"Daydjest" 2010 yil yunidagi etnik zo‘ravonliklardan so‘ng dunyo yuzini ko‘rgan ilk mustaqil nashrdir.

Yuzlab insonlarning umriga zomin bo‘lgan qonli voqealar ortidan o‘zbek tilidagi qator ommaviy axborot vositalari yopilgandi.

O‘zbek jurnalistlari o‘zlariga qarshi bosimlardan shikoyat qilishgan.

"Daydjest" asoschisi va bosh muharriri Shohruh Soipov 2007 yilda O‘shda otib o‘ldirilgan taniqli jurnalist Alisher Soipovning ukasidir.

Unga ko‘ra, ro‘znoma o‘zbek tilidagi media makonda yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qiladi.

"Bizning qonli voqealardan keyin o‘tgan ikki yil davomida kuzatganimiz-Qirg‘izistondagi o‘zbek jamoasi uchun axborot olish imkoni tobora kamaymoqda.

"O‘sh sadosi", "Jalolobod tongi" singari ro‘znomalar davlatning nashri hisoblanadi va davlat aytgan narsani yozadi", - deydi Shohruh Soipov.

Uning aytishicha, qonli voqealardan keyin xalqaro tashkilotlarning yordami bilan o‘zbek tilida ro‘znoma chop etish va radioeshittirish loyihalari amalga oshirilgan, ammo ularda faqat "ijobiy yangiliklar" yoritiladi.

"Bu nashrlar faqat "o‘zbek va qirg‘iz millati bir-biri bilan yarashdi, bir-biri bilan quda bo‘layapti" qabilidagi yangiliklarni yoritishadi. Ijobiy yangilik kerak, ammo biz ijobiy axborot degan maqsad bilan mavjud muammolarga ko‘z yumayapmiz", - deydi jurnalist.