Alisher Usmonov "Arsenal" rahbariyatini keskin tanqid qildi

Image copyright AP
Image caption Alisher Usmonov "Arsenal" rahbariyatini birinchi marta tanqid qilayotgani yo‘q.

Angliyaning "Arsenal" futbol klubining ikkinchi yirik hissadori Alisher Usmonov klub boshqaruv kengashiga ochiq maktub yo‘llagan, rahbariyatni klubdagi yaxshi o‘yinchilarni ketib qolishiga sabab bo‘layotgan siyosati uchun keskin tanqid qilgan.

"Arsenal"ning 29 foizlik aktsioneri maktubiga jamoa sardori Robin van Persining klubdan ketishga qaror qilgani sabab bo‘lgan.

"Biz yana shunday vaziyatga duch keldikki, eng yaxshi o‘yinchimizga biz yutuqlarni qo‘lga kirita olishimiz mumkinligiga ishonch bera olmaganimiz oqibatida ketib qolayapti", deb yozgan Alisher Usmonov ochiq xatida.

Janob Usmonov fikricha, "Arsenal" klubi mablag‘ni tejash siyosatini yuritayapti, bu qimmat, demakki, yaxshi o‘yinchilarni sotib, arzon futbolchilarni xarid qilishga majburlayapti.

Bundan oldin "Arsenal"dan Samir Nasri, Gael Klichi va Sesk Fabregaslar ketib qolishgan.

Bunda janob Usmonov jamoa murabbiysi Arsen Vengerni ayblagan.

Hollandiyalik Robin van Persi o‘zining web-saytida "Arsenal" prezidenti bilan suhbatdan keyin ketishga qaror qilganini ma‘lum etgan.

Image copyright
Image caption Robin van Persi aytishicha, o‘zi va "Arsenal" klubi prezidenti qarashlari mos kelmagan.

"Mavsum tugaganidan keyin men "Arsenal" prezidenti bilan uchrashdim. Biz klub kelajagi, uning strategiyasi va siyosatini muhokama qildik. Yangi kontraktning moliyaviy shartlari muhokama etilgani yo‘q. Murabbiyga, o‘yinchilar va ishqibozlarga bo‘lgan katta hurmatim sababli men tafsilotlarga berilmoqchi emasman. Lekin, afsuski, biz ko‘p narsaga boshqacha ko‘z bilan qarayotganimiz aniq bo‘ldi. Men uzoq o‘yladim va kontraktimni cho‘zmaslikka qaror qildim", degan Van Persi.

Alisher Usmonov klub oldidagi asosiy vazifa "Real", "Barselona", "Chelsi" va "Manchester Siti"larga tenglashish, deb aytgan.

U "Arsenal"dagi aktsiyalarini yanada ko‘paytirish va klub taraqqiyotiga yanada ko‘proq mablag‘ sarflashga tayyorligini bildirgan.

Alisher Usmonov Red & White Holdings sarmoya shirkati vositasida "Arsenal" klubi hissalarini boshqaradi.

U bundan oldin ham klubdagi aktsiyalari sonini ko‘paytirish istagida ekanini aytgan, biroq "Arsenal"ning qariyb 65 foizlik hissalariga egalik qiladigan Sten Kreyoke o‘z aktsiyalarini sotmoqchi emas.

Janob Usmonov 1 yil oldin ham "Arsenal" rahbariyatini tanqid qilgandi.

U jamoaning Angliya premer ligasidagi muvaffaqiyatsizliklari uchun klubning direktorlar kengashini ayblagan.

Britaniyada chiqadigan News of the World ro‘znomasiga bergan intervyusida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov "Arsenal"ning direktorlar kengashi a‘zolari ko‘proq o‘z manfaatlarini himoya qilish bilan ovora ekanini aytgan.