FIFA muslima futbolchilarning hijoblariga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi

Image copyright AFP

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi muslima futbolchilarning hijoblariga qo‘yilgan taqiqni bekor qilinishini xush qarshilagan.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, bu - "zamon bilan hamnafas qo‘yilgan qadamdir".

Kecha Xalqaro Futbol Uyushmasi Kengashi va nihoyat bu xususda o‘zining yakuniy qarorini e‘lon qilgandi.

2007 yildan buyon jarohat olishlari xavfi borligi aytilib, FIFA (Xalqaro Futbol Uyushmasi) tomonidan muslima futbolchilarning hijobda maydonga tushishlari man etib qo‘yilgandi.

Ushbu amal tanqidchilariga ko‘ra, mazkur taqiq dunyodagi eng ommabop sport o‘yinida notenglikning oliy darajada targ‘ib etilishiga yo‘l ochgan.

Osiyo futbol mas‘ullarining aytishlaricha, uning bekor qilinishi minglab muslima futbolchilarning yana katta maydonlarda to‘p surishlariga yo‘l ochadi.

Yangi bichimdagi Velcro sport hijoblari esa, muslima futbolchilarni ehtimoliy jarohatlardan saqlaydi.

Biz Afg‘onistondagi ashaddiy sport ishqibozlaridan bo‘lgan Farahnoz bilan bog‘lanib, so‘nggi yangilikka munosabatini so‘radik:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Xalqaro Futbol Uyushmasi shu yilning fevral oyida muslima futbolchilarning maydonga hijobda tushishlariga umuman olganda qarshi emasligi, faqat bu xususdagi yakuniy qarorini biroz kechroq, ya‘ni shu yil iyul oyida berishi aytgandi.

Bu kabi so‘rov bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti chiqqandi.

Ammo taqiqni bekor qilish taklifini faqat Birlashgan Millatlar Tashkiloti yoqlamagandi.

Afrika Futbol Konfederatsiyasi prezidenti Issa Hayatu va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi ijroiy rahbari Jang Jilonglar ham ushbu tashabbusni qo‘llab chiqishgandi.

Bundan tashqari, dunyodagi eng nufuzlilaridan biri sanaluvchi Angliya premerligasida to‘p suruvchi qator futbolchilar ham bunga xayrixoh ekanliklarini bildirishgandi.

Muslima futbolchilarning hijobda maydonga tushishlari bilan bog‘liq masala bundan besh yil burun, 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada o‘yinlarining saralash bosqich musobaqalari chog‘ida o‘rtaga chiqqandi.

Hijoblarini yechishdan bosh tortishgani uchun, Eron milliy terma jamoasining Iordaniyaga qarshi o‘yini uchrashuv boshlanishiga sanoqli daqiqalar qolgan bir paytda bekor qilingandi.

Hozir yengil atletika, regbi, qilichbozlik, volleybol va taekvondo musobaqalarida sportchilarning hijobda bo‘lishlariga ruxsat beriladi.