Obidxon qoriga hujum: gumondorlar rasman ayblandi

Image caption Obidxon qori hamon komada qolmoqda

Shvetsiya mahkamasi taniqli imom Obidxon qori Nazarov joniga qasd qilishda ko‘maklashish ayblari bilan asli o‘zbekistonlik ekani aytilayotgan bir ayol va erkakni mahkamaga tortgan.

Obidxon qori fevral oyida Shvetsiya shimolida o‘z uyi tashqarisida otib ketilgandi.

Taniqli imom hamon kasalxonada o‘ziga kelmay yotgani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, qoralovchi Krister Peterson bu juftlik uchinchi bir shaxsga suiqasdni rejalash va amalga oshirishda yaqindan yordam bergan.

Hujumni uyushtirgan shaxs esa hamon qidiruvda.

Shvetsiyada nashr etiladigan gazetlarning birida taniqli imom va O‘zbekiston hukumatining muxoliflaridan bo‘lgan Obidxon qorining joni kimga kerak bo‘lgani haqidagi savol ko‘ndalang qo‘yiladi.

Jurnalist Tord Andersonning yozishicha, Obidqori joniga qasd qilganlar yollanma talabalar bo‘lishganmi va yo haqiqiy josuslarmi, bu aniq emas.

Obidxon qoriga o‘q uzgan shaxs esa qochib ketgani gumon etiladi.

Tord Andersonning maqolasidan anglashilishicha, bugun rasman ayblov e‘lon etilgan o‘zbekistonlik ayol Shvetsiyaga talaba bo‘lib kelgan.

Shvetsiyada istiqomat qilayotgan aksariyat o‘zbekistonlik qochqinlar Nazarov janoblarining joniga qasd qilish O‘zbekiston xavfsizlik xizmatining rejasi asosida bo‘lganiga ishonishadi.

Ammo bu ikki shaxs josuslar emas, balki xavfsizlik xizmati tomonidan ayni amalga majburlangan talabalar ham bo‘lishi mumkin, deb yozadi Tord Anderson.

Shvetsiyalik jurnalist o‘z manbalariga tayanib Obidxon qoriga o‘q uzgan shaxsning Moskvaga uchib ketganini yozadi.

Agar u Moskvaga qochishga muvaffaq bo‘lgan esa, unda Rossiya bu jinoyatchini Shvetsiyaga qaytarmaslik ehtimoli bor.

Ikki mamlakat orasida jinoyatchilikda gumon etilgan shaxslarni ekstradatsiyasiga doir shartnoma imzolanmagan.