Turkmaniston matbuot anjumani uchun mos maskanmi?

Image copyright BBC World Service
Image caption Turkmaniston matbuotining aksar faoliyati mamlakat rahbarini olqishlashga qaratilgan.

Turkmaniston poytaxti Ashxobodda ommaviy axborot vositalarini zamonaviylashtirish borasida mintaqaviy anjuman ish boshlagan. Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti homiyligida o‘tkazilayotgan bu marosimda Markaziy Osiyo mamlakatlari ommaviy axborot vositalari, shuningdek bir qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishmokda.

Ashxoboddagi anjumanning asosiy maqsadi ommaviy axborot vositalarida zamonaviy onlayn usullarini qo‘llashni targ‘ib qilishdir.

Onlayn usulini esa internetsiz tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.

Ammo, Turkmanistondagi internet ahvoli ibtidoiy darajada qolmoqda. Mamlakatda hali bir tuzuk internet yoki uyali aloqani ta‘minlaydigan ko‘zga tashlangan shirkat yo‘q.

Rossiyaning MTS shirkati moliyaviy tushkunlikka uchrab ketib qolgan. Endilikda yana qaytib kelayotgani haqida xabarlar bor.

Mavjud internet yo‘nalishlari qattiq nazorat ostida va soatbay narxi oddiy fuqarolar imkoniyatlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Ko‘p kuzatuvchilar fikrida onlayn matbuot borasida Turkmanistonda so‘z yuritishga ancha erta.

Ho‘sh, unda bu kabi anjumanning Ashxobodda o‘tkazilishini qanday izohlash mumkin?

Tanqidchilar fikrida buni faqatgina mamlakatdagi axborot vositalarining asl ahvolini xaspo‘shlash, hamda Turkmaniston zamonaviy darajadagi matbuot usuliga o‘tishga tayyor deya ko‘rsatish yo‘lidagi urinish deya izohlash mumkin.

Anjumanda so‘zga chiqqan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Dunya Miyatovich Turkmaniston va uning qo‘shnilarida matbuot ozodligi mavjud emas deb aytgan.

Miyatovich xonim internet jamiyatning barcha a‘zolari uchun baravar ochiq va yetarli bo‘lishi, unga hukumat yoki davlat nazorati qo‘yilmasligi kerakligini ham urg‘ulagan.

Turkmanistondagi axvol esa buning to‘la teskarisi bo‘lib qolmoqda.

Mamlakatdagi barcha darajadagi muharrirlar, nashriyot, televideniye va radio rahbariyati prezident tomonidan tayinlanadi. Ularni moliyalash ham davlat qo‘lida.

Shunday ekan, ommaviy axborot vositalari tunu kun faqat mamlakat rahbarini ulug‘lash bilan mashg‘ul bo‘layotgani tabiiy hol.