O‘zbekistonda soxta hujjat tayyorlovchilar ushlangan

O‘zbekistonning internet saytlari yozishicha, Toshkentda turli vazirliklar, tashkilot va o‘quv yurtlarining turli xildagi hujjatlarini soxtalashtirish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh faoliyati oshkor bo‘lgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar boshqarmasi Mirzo Ulug‘bek tumani jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi tomonidan uch kishi qo‘lga olingani xabar qilinadi.

Ular turli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning soxta muhrlarini tayyorlash bilan shug‘ullanib kelishgan.

Qo‘lga olinganlarning uyidan vazirlik va idoralarning muhrlari tushirilgan fotosuratlar, shuningdek qishloq xo‘jaligi va aloqa institutining soxta diplomlari topilgan.

Soxta hujjat tayyorlovchilarning biri ma‘lum tashkilotlarga tegishli diplom va ish qog‘ozlarining asl muqovasini keltirib bergan.

Guruhning qolgan uch a‘zosi soxta muhr tayyorlash va ularni sotish bilan shug‘ullanishgan.

Xabarda aytilishicha, soxta diplomlar 300 AQSh dollarigacha bahoda sotilgan.

Boshqa bir soxta hujjat tayyorlovchining uyidan turli davlat idoralarining muhrlari tushirilgan 900 ga yaqin fotosuratlar topilgani aytiladi.

Shuningdek, tintuv paytida ularning uylarida soxta hujjatlarni tayyorlash uchun kerak bo‘ladigan mahsulotlar ham borligi aniqlangan.

Ushbu voqea yuzasidan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Ichki ishlar boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilganimizda, bunday masalalar haqida telefon orqali xabar berilmasligi ma‘lum qilindi.