Afg‘onistonda O‘IHning ikki rahbari qo‘lga olingan

Image copyright BBC World Service

Afg‘oniston va ittifoqchi kuchlar mamlakat shimolidagi Qunduz viloyatida O‘zbekiston Islomiy Harakati rahbarlaridan ikki nafarini qo‘lga olishgan.

AYESAF-Xalqaro Xavfsizlik Ko‘mak kuchlariga ko‘ra, ular Qunduz atrofi va markazida isyonkorlik hujumlarini uyushtirish uchun portlovchi moddalar yasash bilan shug‘ullanishgan.

Mazori Sharifdagi muxbirimiz Kaneshko Turkistoniyga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning har ikkisi O‘IH bosh rahbariyati bilan aloqadorligi va qator xudkushlik hujumlarini tashkil etishda ishtirok etishgani aytiladi.

Bunday hujumlardan biri yanvarda muvaffaqiyatsiz yakunlangandi.

"O‘zbekiston Islomiy Harakati faoliyati Tolibon hokimiyatda bo‘lgan davri bilan bog‘liq. Tolibon hukumati ag‘darilganidan keyin ularning harakatlari biroz cheklangandi. 2009 yildan keyin Qunduz, Tahor va Bag‘lon viloyatlarining ayrim mintaqalarida ko‘rina boshladi. 2011 yilda esa, harakatning bir necha qo‘mondoni qo‘lga olindi", deydi u.

Bu holat esa, muxbirimizga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakati Afg‘onistonda hamon faoliyatda ekani ma‘lum bo‘ldi.

Hozir ham Qunduz viloyatiga tegishli Imom Sohib, Chordara kabi mintaqalar, Tahor viloyatidagi qishloq hududlarida, Badaxshon viloyati ko‘pgina hududlarida faoliyatlari borligi aytiladi.

Ayni paytda O‘zbekiston Islomiy Harakati Al-Qoida bilan aloqasi bo‘lgan xavfli guruh sifatida ko‘riladi.

O‘IH nima uchun Afg‘oniston shimolida faol?

"Ayni savol Afg‘oniston rasmiylari va xorijiy kuchlar orasida ziddiyatlarga sabab bo‘lgandi. Bundan bir necha yil oldin Afg‘oniston Prezidenti xorijiy jangarilar, ayniqsa, O‘zbekiston Islomiy Harakati ayrim xorijliklar tomonidan mamlakat shimoliga olib kelinadi, deb aytgan. Ammo, bu xorijiy kuchlar tarafidan qat‘iyan rad etilgan", deydi Kaneshko Turkistoniy.

Biroq, O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining Afg‘onistonga yo‘l topa bilishlari sabablari ular mahalliy tilda so‘zlashishlari va aksari o‘zbeklar bo‘lganligi bois shimoldagi o‘zbek aholisi orasida joylashib ketishlari oson ekani bilan ham bog‘lanadi.