Obidxon qoriga o‘q otgan shaxs ijarachida shubha uyg‘otgan

Image caption Gumon qilingan shaxsning do‘kon, yonilg‘i quyish shaxobchalari va bankomatlar kuzatuv kameralariga tushib qolgan suratlari dastlabki tergov materialariga qo‘shilgan.

Shvetsiyada taniqli o‘zbekistonlik imom Obidxon qori Nazarovga uyushtirilgan suiqasdning tobora ko‘p tafsiloti oshkor bo‘lmoqda, matbuotda imomga o‘q uzgan shaxsning turli kuzatuv kameralariga tushib qolgan suratlari e‘lon qilindi, uyini ijaraga bergan kishi bu shaxsning hatti-harakatlari o‘ziga shubhali tuyulganini politsiyaga aytgan, choyshab va yostiq jildlarini politsiyaga topshirgan.

Shvetsiyada nashr qilinadigan "Ostersund Posting" ro‘znomasi politsiya axborotiga tayanib xabar qiladi, bunda Obidxon qori Nazarovga o‘q otgan shaxs "Yuriy" deb ataladi.

Maqolada o‘z xonadonini ijaraga bergan kishining ism-sharifi e‘lon qilinmaydi.

"Yuriy" 35 yoshlardagi, sochi kalta qirqilgan, egnida qimmatbaho kurtka bo‘lgan, deya tasvirlagan ijarachi.

Ijarachi shu yilning 5 fevrali kuni talaffuzi ruslarnikiga o‘xshab ketadigan ayol bir tanishiga ijara uchun joy kerakligini aytib qo‘ng‘iroq qilganini aytgan, bu tanishning 1 hafta yashashiga kelishilgan.

Biroq "Yuriy" 1 hafta yashamaydi, oldindan to‘lab qo‘ygan 1000 Shvetsiya kronining yarmini qaytarishni talab qilgan.

Shved tilini bilmaganidan "Yuriy" bilan ijarachi suhbatini telefon yordamida xonani birinchi marta ijaraga olgan ayol tarjima qilgan.

Biroq uy egasi pulning yarmini qaytarishga ko‘nmagan.

"Yuriy" ketganidan keyin xonani yig‘ishtirib qo‘yish uchun kirgan uyning egasi "xona haddan tashqari, klinik darajada tozalangan"i politsiyaga aytgan.

Shuningdek, "Yuriy"ning Moskva bilan uzoq so‘zlashishlari ham xonadon sohibini shubhaga solgan.

Ijarachi uning uy ichida hamma deraza pardalarini tushirib o‘tirganiga e‘tibor qaratgan, Stromsmundda imomga suiqasd bo‘lgani haqidagi xabardan keyin "Yuriy" yotgan xonadagi choyshab va yostiq jildlarini politsiyaga bergan.

Obidxon qori Nazarov uyi yaqinida o‘qotar quroli bilan topilgan ryukzak hamda choyshablardagi DNK namunalari bir kishiga tegishli ekani aniqlangan.

Shvetsiya politsiyasi "Yuriy"ning o‘q uzilishidan ikki soat oldin supermarketlardan biriga kirganini ham aniqlagan, uning Ica Simonsson do‘koni, yonilg‘i quyish shaxobchalari va bankomatlar kuzatuv kameralariga tushib qolgan suratlari dastlabki tergov materialariga qo‘shilgan.

Imomga suiqasdga aloqadorlik ayblovlari bilan hibsda ushlab turilgan o‘zbekistonlik bir erkak va bir ayol ustidan mahkamaning 12 iyulda bo‘lib o‘tishi xabar qilingan.