Dunyoning eng badavlat ayoli kim bo‘ladi?

Image copyright na

Duyoning eng badavlat ayoli kim, deganda, eng avvalo xayolingizga Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta Ikkinchi yoki jahonga mashhur L'Oreal firmasi merosxo‘ri Lilian Bettankur kelishi tayin.

Ammo bunday emas. Nega desangiz, o‘zining boyligi bilan dunyoning manaman, degan ayollarini ortda qoldirgan ayol - avstraliyalik tog‘-kon shirkati rahbari Jina Raynxrat bo‘lib chiqibdi.

Balkim, uning nomini siz ham eshitmagandirsiz. Xo‘sh, u holda bu xonimning boyligi qancha ekan, desangiz, o‘ziga tegishli mol-mulklarining qiymati naq 29 milliard dollarga teng ekan.

Shunday ekan, bu boyvachcha ayol haqida nimalar ma‘lum?

Uning otasi Leng Xenkok 50-yillar boshlarida Avstraliyaning g‘arbiy Pilbara tumanida dunyodagi eng yirik temir rudasi konini topadi va uni arzon-garovga sotib oladi.

O‘sha paytda mamlakatning o‘zida taqchil ekani aytilib, Avstraliyadan chetga temir rudasi sotish man etilgan bo‘lgan.

Otasi asos solgan ana shu yirik shirkat 58 yoshli Jinaga meros qoladi.

Jinaning o‘ylashicha, aynan otasining mehnatlari tufayli Avstraliya bugungi darajaga yetgan.

Shu bois ham, Jina Avstraliyadagi barcha ommaviy-axborot vositalarini o‘z qo‘llariga olgan mamlakat biznes elitasidan xafa.

Jinaga ko‘ra, ular o‘z oilasining Avstraliya farovonligiga qo‘shgan hissasini hech qachon tan olishmagan.

Temir dardi

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, Jina birdaniga dunyoning eng badavlat ayoliga aylanib qolgan emas.

Avvaliga Avstraliya, so‘ngra Osiyo, keyin esa, Business Review Weekly jurnali reytingida jahonning eng cho‘ntagi baquvvat ayoli, deb topilgan.

Jina o‘zini tog‘-kon imperiyasi vorisi, deb ko‘rishlarini jinidan battar yomon ko‘radi.

U o‘zini otasining o‘limidan so‘ng oilaviy bizneslarini kengaytirib, o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lgan mustaqil tadbirkor sanaydi.

Jinaning boyligi Avstraliya g‘arbidagi temir rudasiga boy konlarni o‘zlashtirishga asoslangan.

Bugun jahon bozorlarida sotilayotgan temir rudasining uchdan ikki qismi aynan ana shu konlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Temirga bo‘lgan talab ham ko‘p emasmi, buning orqasidan Avstraliya iqtisodi ham ozmuncha foyda ko‘rayotgani yo‘q.

Temir qolib, matbuot bozori

Raynxart bugunga kelib, faqat tog‘-kon sanoati bilan cheklanib qolmaydigan ko‘rinadi.

U matbuot bozorida ham yetakchi o‘ringa chiqib olish harakatida.

Bu esa, Avstraliyadagi matbuot korchalonlari orasida ozmuncha gap-so‘z va noroziliklarga sabab bo‘layotgani yo‘q.

Jina allaqachon mamlakatdagi uchta yirik telekanaldan bittasi sanaluvchi "O‘ninchi kanal"ning katta miqdordagi hissalariga egalik qiladi.

Bir qancha davlat nashrlarini o‘z ichiga oluvchi Fairfax Media gazeta shirkati hissalarini ham o‘z qo‘liga olgan.

Deylik, Rupert Merdokning imperiyasi mamlakatdagi matbuot nashrlarining 70 foiziga egalik qilsa, qolgan 30 foizi aynan Fairfax Media shirkati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ammo otasidan qolgan Hancock Prospecting tog‘-kon shirkatini ham shaxsan o‘zi nazorat qiladi.

Doimo shirkat ishlarini nazorat etishda band ekani bois, boshqa hech narsaga qiziqmaydi.

Noyob san‘at asarlari, poygacha otlar yoki shaxsiy samolyotlari yo‘q.

Jina nihoyatda qaysar va qat‘iyatli ayol sifatida nom qozongan.