O‘zbekistonda inson huquqlari faoli ozodlikdan mahrum etildi

Image copyright none

Chinozlik inson huquqlari faoli 2 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Aprel oyi boshlarida hibsga olingan Gulnoza Yo‘ldosheva O‘zbekiston jinoyat kodeksining 165-moddasi, ya‘ni tovlamachilik bandi bo‘yicha aybdor topilgan.

Bu haqda xabar tarqatgan O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhiga ko‘ra, 10 iyul kuni Yangiyo‘l shahardagi mahkama jarayoni yopiq kechgan.

"Adokat orqali bizga hamma narsa ma‘lum bo‘lib turdi. Ya‘ni, advokatni biz olganmiz. Uning aybi tasdiqlanmadi. Isbot qilinmadi sud jarayonida", deydi guruh rahbari Surat Ikromov.

Surat Ikromovga ko‘ra, mahkama jarayoni bir oy oldin o‘tkazilishi ma‘lum qilingan, biroq turli sabablar bilan 5 marta ortga qoldirilgan.

"Diplomatik korpuslar Amerika Qo‘shma Shtatlari va Buyuk Britaniyaning vakillari kelaman degandi. Shu darajada qilishganki, ular kelmaslaridan oldin yopiq holatda tez bor-yo‘g‘i ikki marta jarayon o‘tdi, bir soat, bir soatdan hukmni tez chiqarishdi", deydi u.

Surat Ikromov odamlarni Qozog‘istonga qul qilib sotish bo‘yicha tekshiruvlar olib borgan va unga qo‘yilgan ayblovlar uning ayni shu faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Uning bildirishicha, Gulnoza Yo‘ldosheva mahalliy huquq-tartibot idoralarining odam savdosiga aloqasi borligini haqida ma‘lumotlar to‘plagan.

Aytilishicha, Chinozlik faolning ikki akasi ham odam savdosi qurboni bo‘lishgan.

"Aprelning boshlarida o‘zining odam savdosidan jabrlangan ukasini shifoxonada ko‘rib kelayotgan paytida, Toshkentdan Chinozga ketayotgan mahal konduktor yigit mobil telefonini iltimos qilib oladi, gaplashayotgan payti tushirib yuboradi va u sochilib ketadi. Shunda u: "Yangi telefon olib beraman yoki pulini beraman", deb va‘da qiladi. Bir necha kun o‘tgandan keyin o‘sha bola 100 ming pulni Gulnozaning mahallasidagi do‘konga keltirib beradi. Gulnozaning kelinoyisi kelib pulni unga olib borib beradi. O‘sha kuni kechasi militsiya xodimlari kelib, tintuv qilib, o‘sha pulni Gulnozaning uyidan topishadi".

Surat Ikromov 100 taxminan 30-35 dolar atrofida pul ekani, asosiy maqsad Gulnozaga nisbatan tovlamachilik bo‘yicha ayblov qo‘yish bo‘lganiga shubha qilmasligini ta‘kidlaydi.

Gulnoza Yo‘ldosheva qariyb bir yildan beri O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi bilan hamkorlik qilib kelgan.

U Chinoz tumanidagi korruptsiyaga bog‘liq ishlar bo‘yicha ham tekshiruvlar olib borgan.

Surat Ikromov Gulnoza Yo‘ldoshevaga nisbatan ochilgan jinoyat ishini uning aynan inson huquqlari himoyachisi sifatidagi faoliyati bilan bog‘laydi va buni O‘zbekistondagi faollarga qarshi tazyiq amallarining bir qismi sifatida ta‘riflaydi.