Rossiya: o‘z chaqalog‘ini katta yo‘lga tashlab ketgan ayol jazoga tortildi

Image copyright SPL
Image caption Yelena o‘z farzandini boqishga qiynalganini aytadi

Rossiyada mahkama o‘zining 9 oylik chaqalog‘ini "mashina bosib ketar" degan niyatda shoh yo‘lga tashlab ketgan ayolni 8 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

24 yashar Yelena Osina Moskva mahkamasiga bolasini boqishdan charchaganini aytgan, deya xabar beradi Moskvadagi BBC muxbiri Reychel Vrayt.

Tergovchilar chaqaloqning Moskva tashqarisidagi shoh yo‘ldan topilganini aytganlar.

Ularga ko‘ra, bolakay oradan o‘n daqiqalar o‘tib mototsiklchi e‘tiboriga tushadi.

Chaqaloqni qutqarib olgan mototsiklchi uni avvaliga mushuk deb o‘ylaganini aytgan.

Yelena Osina va uning ukasi hodisani yo‘l chetida kuzatib turganlar.

Tergovchilar chaqaloqning sog‘-salomat qutqarib olinishini mo‘‘jizaga tenglashtirganlar.

Mahkama so‘ngida Yelena Osina odam o‘ldirishga urinish aybiga iqror bo‘lgan.

U chaqaloqni boqishga qiynalgani, ammo qilmishidan endi pushaymon ekanini aytgan.

Chaqaloq esa asrab olindi, deya xabar beradi Reychel Vrayt.