Suriya muxolifati Rossiya dastagiga ko‘z tikmoqda

Image copyright s
Image caption Rossiya Suriya muxolifati nimalarga qodirligini bilishni istaydi

Suriya muxolifati vakilaridan iborat hay‘at Moskvaga borgan.

Maqsad Suriyada kechayotgan zo‘ravonliklarga siyosiy yechim topishga qaratilgan xalqaro sa‘y-harakatlarni mubohasa etishdir.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriya Milliy Kengashi rahbari Abdulbasit Sayda bilan muzokaralar olib bormoqda.

Sal oldinroq Lavrov janoblari o‘rinbosariga ko‘ra, Rossiya muxolifatni "realistik va amaliy mavqe tomon" burish niyatida ekanini aytgandi.

Kechroq Suriya tinchlik rejasiga boshchilik qilayotgan xalqaro hamjamiyat vakili Kofi Anan BMT Xavfsizlik Kengashida chiqish qilishi kutilmoqda.

Anan janoblari seshanba kuni Bag‘dod va Tehron rasmiylari bilan muzokaralar olib borgan. U Qo‘shma Shtatlar e‘tiroziga qaramay, Suriyaning eng yaqin ittifoqchisi - Eron ziddiyatga yechim topish uchun rol o‘ynashi haqidagi fikrini takrorlagan.

BMTning sobiq bosh kotibi, shuningdek, Suriya Prezidenti Bashar al-Assad tinchlik rejasiga o‘zgartirishlar taklif qilgani va avvalo eng notinch hududlarda barqarorlik o‘rnatilishi borasida aytganini bildirgan.

"Inqilob"

Moskvada esa, Tashqi ishlar vaziri Lavrov bilan muzokaralar boshlashdan oldin gapirgan Sayda janoblari Rossiyaning Prezident Assadga dastagini tugatishga urinib ko‘rishini bildirgan.

"Suriyadagi hodisalar - muxolifat va hukumat o‘rtasidagi kelishmovchiliklar emas, inqilob", deb aytgan u qo‘shma matbuot anjumanida.

O‘z o‘rnida, janob Lavrov "Suriya uchun o‘ta muhim bir pallada" muxolifat a‘zolari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara olib borish imkoniyati paydo bo‘lganidan mamnunligini bildirgan.

Shu bilan birga u Rossiya mavqeini yana bir bor ochiqlash istagida ekanini aytgan.

"Ba‘zan sizning tashkilotingiz biz qilayotgan ishlarimizni savol ostiga oladi va men sizning savollaringizga oydinlik kiritaman, bunga shubha bo‘lmasligi kerak", deb aytgan u.

Lavrov janoblari Rossiya jiddiy bo‘linishlarga yuz tutgan Suriya muxolifati birlashish va hukumat bilan dialog olib borish platformasi yaratishga qanchalar qodir yoki qodir emasligini tushunish istagida ekanini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bagdanov muxolifatni "qon to‘kishlarga barham berishi mumkin bo‘lgan real va amaliy mavqe" tomon burishga urinib ko‘rishi haqida aytgandi.

Muxolifat Prezident Assad o‘tish davriga oid har qanday kelishuvning bir qismi sifatida iste‘fo berishi kerakligini ta‘kidlaydi.

Aynan mana shu taklif Rossiya tarafidan rad etib kelinadi.