Musulmon va yahudiy jamoalari sunnatga oid mahkama qaroriga qarshi birlashishgan

Image copyright getty

Ovro‘po yahudiylari va musulmon guruhlari Olmoniya qonun chiqaruvchilariga qo‘shma bayonot bilan chiqib, diniy urf-odatlarga muvofiq yosh bolalarni sunnat qilish huquqini himoya qilishga chaqirishgan.

O‘tgan oy oxirlarida Olmoniya mahkamasining sunnat qilishni tanga ozor berishga teng amal, deb topishi yahudiy va musulmon jamoalari g‘azabini qo‘zg‘agandi.

Endi Olmoniyadagi ushbu ikki din vakillari mahkama qaroriga qarshilik bildirish uchun qonuniy yo‘llarni izlashmoqda.

Mahkama hukmiga qarshi qo‘shma bayonot Ovro‘po Ravvinlar markazi, Ovro‘po Yahudiylar parlamenti, Ovro‘po Yahudiylar uyushmasi, Olmoniyaning Turk-Islomiy uyushmasi va Bryussel Islomiy markazi tarafidan imzolangan.

Musulmon va Yahudiy guruhlar birlashib, Ovro‘po Parlamoni a‘zolari va Olmoniya qonun chiqaruvchilari bilan uchrashishgan.

"Haqorat"

Qo‘shma bayonotda: "Biz buni diniy erkinligimiz va insoniy huquqlarimizga haqorat deb tushunamiz. Sunnat - qadimiy urf-odat va bizning dinimiz uchun o‘ta muhim. Biz mahkama qaroriga imkonimiz yetguncha qarshi turamiz", deyiladi.

Ayni paytda Olmoniya shifokorlariga tibbiy ehtiyoj yuzasidan bo‘lmasa, sunnat amalini qilmaslik aytilgan.

Berlindan BBC muxbiri Stiv Ivansning xabar qilishicha, mamlakat hukumati mahkama hukmidan tashvishga tushayotgani aniq.

Hodisa ortidan tarixda yahudiylarga qarshi qirg‘in kechgan mamlakatda yahudiylik dini asosiy talablaridan biri qonunga zid topilishi maqsadga muvofiq emasligi borasida ayblovlar ham yangragan.

Hozircha yahudiy va musulmon guruhlar mahkama qarori bekor qilinishi yo‘lida birga ishlashmoqda.