Obidxon qoriga suiqasd bo‘yicha mahkama boshlandi

Image copyright op.se
Image caption Djinsi shim va poshnali etik kiygan gumondor ayol boshiga odeyalo solingan holda olib kelindi

Shvetsiyaning Ostersund shahrida o‘tgan fevral oyida o‘zbekistonlik taniqli dissident imom Obidxon qori Nazarovga qarshi suiqasd uyushtirishga yordam berishda ayblanayotgan juftlik ustidan mahkama ishi boshlangan.

O‘ttiz yoshlardagi er-xotin asli o‘zbekistondan bo‘lib, Stromsund shahrida imomni otgan shaxsga qotillikni uyushtirishda yordam berishda ayblanayaptilar.

Bugun sudda ayol gumondor ko‘rsatmalari va unga qarshi ayblovlar eshitilmoqda. Mahkamada qatnashayotgan shvetsiyalik jurnalist Tord Anderssonning xabar berishicha, prokuror ayolning qanday tarzda Shvetsiyaga kelgani, Shvetsiyada nimalar bilan shug‘ullanangani va Nazarov borasida ma‘lumot yiqqani borasida ma‘lumotlarni o‘qib eshittirmoqda.

Prokurorga ko‘ra, ayol eri bilan Shvetsiyaga talaba bo‘lib kelishgani, so‘ngra qora ishlarda ishlashganini aytishgan, biroq qanday ishlar bilan shug‘ullanganlari borasida bironta hujjatni taqdim eta olmaganlar.

Juftlik borasidagi tergov ularning telefon qo‘ng‘iroqlari, kvitantsiyalar, kompьyuter xizmatlari va bank hisoblaridagi o‘zgarishlarga asoslanadi.

Prokurorga ko‘ra, ayol birinchi bo‘lib Nazarovning manzilgohini internetda qidirib topgan. So‘ngra eri bilan ijaraga mashina olib, Nazarovning kundalik hayotini o‘rganish uchun Stromsundga yo‘l olganlar.

Sudda er-xotinning qotillikda gumon qilinayotgan shaxs bilan muntazam aloqa qilib turgani aytilgan.

Ayol Ostersunddagi Ledkrisset mehmonxonasiga qo‘ng‘iroq qilib, qotil qolishi uchun bir xonani bron qilib bergani ham aytildi.

15 fevralda Ledkrisset mehmonxonasiga kelgan gumondor rossiyalik ekanini aytgan. Qotillikka ikki kun qolganda, 20 fevralda u mehmonxonanini tark etgan.

Image copyright op.se
Image caption Mahkamada 200dan oshiq o‘zbekistonlik qochqinlar qatnashmoqda

Gumondorning imomga suiqasddan ikki soat o‘tib, Stromsunddagi Simonssons do‘koniga kirgani xavfsizlik videokamerasiga yozib olingan. Shu daqiqalarda u ijaraga olgan avtomobilini Ostersund shahridagi shirkatga qaytarib bergan. O‘sha kuni tunni u Stokgolmdagi Royal Viking mehmonxonasida o‘tkazgan.

Suiqasdning ertasiga u Malmyo shahriga poyezdda yo‘l olgan va u yerda bugunda sudga tortilayotgan o‘zbek er-xotin bilan uchrashgan. Juftlikning yonida ularning olti yashar qizchasi ham bo‘lgan.

Suiqasddan ikki kun o‘tgach u qo‘shni Daniya poytaxti Kopengagendagi aeroportdan Moskvaga uchib ketgan.

Ayolning kompyuteri tekshirilganda, u Obidxon qori borasida ko‘plab ma‘lumotlarni internetda qidirgani ayon bo‘lgan.

Suiqasddan so‘ng u bu ma‘lumotlar va qidiruv tarixini o‘z kompyuyetridan o‘chirib tashlashga uringan, lekin aftidan buning uddasidan chiqmagan.

U eri bilan nima uchun Stromsundga safar qilganlari haqida so‘ralganda, tergovchilarga aslida shimoliy qutbga borib, oyni tomosha qilishni istaganlari, lekin nima uchundir Stromsundga borib qolishganini aytgan.

Suiqasd kunida ayol Skayp sahifasidagi muloqot hisobini yopgan va yangisini ochgan.

Qotillik harakatidan bir oy avval esa u "Nazarov" nomli faylni qayergadir jo‘natgan.

Prokuror bu ayol Moskvadagi o‘z akasi bilan Nazarov borasida yaqindan axborot almashib turganini isbotlashga urinmoqda.

Uning elektron maktublaridan biri u "Aka, uch kunga mashinani ijaraga oldik" deyiladi.

Ayol va gumondor qotil o‘rtasida suiqasdgacha bo‘lgan va suiqasddan keyingi kunlarda 100dan ortiq telefon suhbatlari bo‘lib o‘tgan.

Ayol O‘zbekistonda yashaganida oyiga 300 dollar ishlab topganini aytgan. Tergovchilar unga tegishli qog‘ozlardan O‘zbekiston Milliy Bankidagi hisobida avvaliga 11 ming dollar bo‘lgani, so‘ngra ko‘p o‘tmay bu miqdor 25 ming dollarga chiqqanini aniqlashgan.

Mahkama ishi davom etmoqda.

Mahkamada ishtirok etish uchun 200dan oshiq o‘zbekistonlik qochqinlar Ostersunddagi sud zaliga yig‘ilganlar.