AQSh: Prezident Obamaga suiqasdda ayblangan o‘zbekistonlikka hukm e‘lon qilinadi

Image copyright AP
Image caption Ulug‘bek Qodirov o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olgan

Amerika Qo‘shma Shtatlaridan kelayotgan xabarlaraga ko‘ra, juma kuni Birmingemdagi federal mahkama Prezident Barak Obamaga suiqasd uyushtirishni rejalaganlikda aybdor, deb topilgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan hukmni e‘lon qilishi kutilmoqda.

Ulug‘bek Qodirov 30 yilga qadar qamok jazosiga mahkum etilishi mumkin.

U shu yil fevralida Prezident Obamani otishni rejalaganini tan olgan.

Rasmiylariga ko‘ra, 22 yoshli Ulug‘bek Qodirov AQShning terrorchi tashkilotlar ro‘yxatida bo‘lgan o‘zbek islomiy guruhi bilan internet orqali aloqa o‘rnatganidan so‘ng suiqasd rejasini ishlab chiqqan.

U Amerika maxsus xizmatlarining ayg‘oqchisi bo‘lib chiqqan shaxsdan qurol sotib olishga uringan.

Assoshieyted Press xabar agentligining prokurorlardan iqtibos keltirishicha, Qodirovga qarshi mahkama ishini tergov qilishda Birmingemdagi musulmonlar jamoasi yordam bergan.

"Fitna"

Amerikalik mas‘ullarning aytishlaricha, prezident Barak Obama saylovoldi amaliyotlari sabab, jamoatchilikka ko‘proq ko‘rinish berarkan, Ulug‘bek Qodirov uni o‘ldirishga urinib ko‘rish masalasini muhokama etishga kirishgan.

So‘nggi mahkama hujjatlari tafsilotlariga tayangan xabarlarga ko‘ra, o‘tgan yil iyul oyida Ulug‘bek shu maqsadda "Amir" nomli shaxs bilan muloqotga kirishgan.

Ayon bo‘lishicha, Ulug‘bek Qodirov ushbu shaxsning O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zosi ekanini aytgan.

Ammo mas‘ullar "Amir"ning shaxsini rasman ochiqlashmagan.

Xabarlarga ko‘ra, "Amir", "Jo‘g‘rofiy jihatdan o‘zidan ko‘ra yaqinroq ekanini aytib, Ulug‘bekdan prezident Obamani o‘ldirish uchun qo‘lingdan biror ish keladimi?", deb so‘ragan.

Aytilishicha, shundan so‘ng ikkovlon Barak Obamani o‘ldirish yo‘llarini muhokama etishgan. Uzoq masofadan turib, merganlar miltig‘idan foydalanish borasida ham so‘z yuritishgan.

Mahkama hujjatlariga ko‘ra, merganlar miltig‘ining qanchalik qimmat ekani va uni ishlatolmasligini bilib, Ulug‘bek tushkunlikka tushib qoladi. Shundan so‘ng, AQSh prezidentiga yaqinroq masofadan turib, o‘q ochish rejasida to‘xtaydi.

"Ulug‘bek Qodirov o‘zi uchun eng muhimi prezident Obamani o‘ldirish bo‘lgani, o‘zini otishadimi, o‘ldirishadimi, buning farqi bo‘lmaganini aytdi", deyiladi mahkama hujjatida.

Himoyachisi Lans Belning aytishicha, mijozi qilgan ishlaridan afsusda va "o‘zi iqror bo‘lgan ayblarning mas‘uliyatini to‘liq his qiladi".

Amerikalik prokuror Joys Vensga ko‘ra, Ulug‘bek Qodirovning tahdidlari huquq-tartibot xodimlari aralashishlari darajasida jiddiy bo‘lgan.

"U rejasini pishitib, yordam so‘rab, boshqa shaxslarga chiqa boshlagan va prezidentni o‘ldirish uchun lozim qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritayotgan bo‘lgan", deb aytgan janob Vens.

Ulug‘bekning aynan o‘tgan yil iyul boshlarida Alabama shtatidagi motelda maxsus xizmat josusidan qurol sotib olayotgan payt hibsga olingani xabar qilingandi.

Uning AQShga 2009 yili talabalik vizasi bilan kelgani aytilgan.

Lekin, xabarlarga ko‘ra, 2010 yil apreliga qadar birorta ham o‘quv dargohida qayddan o‘tmaganligi tufayli, Ulug‘bek Qodirovning vizasi o‘z kuchini yo‘qotgan.