London 2012: sportchilar Olimpiada O‘yinlariga kelishni boshlashdi

Image copyright PA

O‘yinlarning xavfsizligini ta‘minlash bilan bog‘liq ayrim savollar ochiq qolayotgan bir manzarada, butun dunyo bo‘ylab minglab sportchi va mulozimlar Londonga safarlarini boshlab yuborishgan.

XXX Yozgi Olimpiada O‘yinlariga bor-yo‘g‘i 11 kun qolarkan, Londonda hozirliklar ham o‘zining so‘nggi bosqichiga kirgan.

Britaniya parlamentidagi muxolif partiya vakillari rasmiy ochilish marosimiga qadar, hukumatning o‘yinlar xavfsizligi bilan bog‘liq muammoni hal etishiga umid qilishmoqda.

G4S xususiy shirkati ijroiy rahbari Nik Baklz yetarli sonda qo‘riqchilar yetkazib bera olmagani bois, O‘yinlar arafasida tanqidlar ostida qolib ketgan.

O‘tgan hafta tashkilotchilar O‘yinlar xavfsizligini ta‘minlash uchun uch yarim ming harbiyni xizmatga chaqirishga majbur bo‘lishgandi.

Bugun dushanba kuni Olimpiya O‘yinlari tarixidagi eng yirik dopingga qarshi tekshiruvlar ham boshlanadi.

O‘yinlarda ishtirok etayotgan ja‘mi sportchilarning yarmiga yaqini bu tekshiruvlardan o‘tishadi.

Buyuk Britaniya chegara nazorati xizmati esa, kecha yakshanba kunidan boshlab "Olimpiya tartibi"da xizmat ko‘rsatishga o‘tgan.

Deylik, Londonning yirik "Hitrou" aeroporti bugun 120 ming kishini qabul qilib olgan.

O‘yinlar avjiga chiqqan pallada Olimpiya qishlog‘ida 16.000 sportchi va mulozimning bo‘lishi aytiladi.

O‘zbekiston hay‘ati

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining asosiy qismi Olimpiada O‘yinlaridan uch kun avval, ya‘ni 24 iyul kuni Londonga yetib keladi.

O‘zbekistondan Londonga ja‘mi 100 dan ortiq kishidan iborat xay‘atning kelishi kutilmokda.

Ulardan 54 nafari bevosita Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ishtirok etajak sportchilardir.

Shu bilan birga, o‘zbekistonlik paraolimpiyachilar ham 10 ta litsenziya olishgan.

25 iyul kuni Olimpiada qishlog‘ida O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘ini ko‘tarish marosimi o‘tkaziladi.

Londondagi Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimida mamlakatimiz bayrog‘ini jahon chempionatining kumush medali sohibi bokschi Elshod Rasulov ko‘tarib boradi.

O‘zbekistonlik sportchilar Olimpiada O‘yinlarida 15 sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.

Bular baydarkada eshkak eshish, suzish, badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, trampolindan sakrash, velosport, tennis, taekvondo, o‘q otish, yengil va og‘ir atletika, boks, dzyudo va kurash kabi sport turlaridir.

O‘zbekiston milliy jamoasi safida Jahon Kubogi, Osiyo Kubogi, Jahon, Osiyo chempionatlari, Osiyo O‘yinlari va qator xalqaro turnirlarda sovrinli o‘rinlarni egallagan yoki kuchli o‘ntalikdan joy olgan sportchilar talaygina.

O‘zbekistonlik mas‘ullar boks, erkin, yunon-rim kurashi, dzyudo va yengil atletika bo‘yicha sovrinli o‘rinlarga umid qilayotganliklari, biroq boshqa sport turlarida ham bo‘sh kelmasliklarini aytishadi.

Sport liboslari Xitoyda tayyorlangan

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasidan bildirishlaricha, sportchilar doxil Olimpiya O‘yinlarida ishtirok etayotgan hay‘at a‘zolari uchun rasmiy liboslar O‘zbekistonda tayyorlangan.

Sport kiyimlari esa, Xitoyning yetakchi sport brendlaridan bo‘lgan ERKE shirkati tomonidan yetkazib berilgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, sport kiyimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Osiyodagi yetakchi shirkatlardan bo‘lgan ERKE mahsulotlaridan dunyoning o‘nlab davlatlari foydalanishadi.

London Olimpiadasi o‘zbekistonlik sportchilar ishtirok etayotgan beshinchi o‘yinlari bo‘ladi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya jamoasi bundan avval Atlanta, Afina, Sidney va Pekinda bo‘lib o‘tgan Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etgan.

Pekin Olimpiadasini 1 ta oltin, ikkita kumush va uchta bronza medali bilan yakunlagan.

Markaziy Osiyoda Qozog‘iston ildam

London Olimpiada O‘yinlarida ham Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng katta sondagi sportchilari bilan ishtirok etmoqda.

Ya‘ni unda 20 sport turi bo‘yicha 114 qozog‘istonlik sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.

Tojikistondan 16 nafar sportchi o‘yinlarda bellashsa, qo‘shni Qirg‘iziston 14 sportchisini Londonga yubormoqda.

Mas‘ullarga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchilar ilk bellashuvlarini ochilish marosimining ertasi kuni, ya‘ni 28 iyulda boshlashadi.