Dongdor dzyudochi Abdulla Tangriyev nasha alomatlari haqida nima deydi?

Image copyright zimbo.com

Dzyudo bo‘yicha o‘z vazn toifasida mutlaq jahon chempioni, Pekin Olimpiadasi kumush medali sovrindori Abdulla Tangriyev o‘zini London Yozgi Olimpiada O‘yinlaridan chetlatishga asos bergan qon namunasi tekshiruvlaridan shubhada ekanini aytmoqda.

Taniqli dzyudochining BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, yaqinda bo‘lib o‘tgan musobaqalar chog‘ida "kimdir uning ovqatiga tarkibida shunday modda bo‘lgan narsa tashlagan", degan taxminda.

Abdulla Tangriyevning qonidagi nasha alomatlari shu yil may oyida Rossiya poytaxti Moskvada bo‘lib o‘tgan "Katta dubulg‘a" musobaqalari chog‘ida Jahon Dzyudo Federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan doping tekshiruvlari ortidan aniqlangan.

O‘zbekistonlik dzyudochi oyog‘ining uchta barmog‘i jarohat olgani bois shundoq ham London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ishtirok etolmasligi va shu bois, hozir shikoyat arizasi bilan chiqishdan ma‘ni yo‘qligini aytadi.

So‘nggi qon namunalari natijasi sabab, Abdulla Tangriyevning kelasi ikki yil davomida xalqaro turnirlarda ham ishtirok etishi taqiqlab qo‘yilgan.

Ammo, o‘zbekistonlik taniqli dzyudochining aytishicha, sog‘ayib ketgach, albatta qon namunalarini qayta tekshirishlarini talab etish niyatida:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Kuni-kecha O‘zbekiston Dzyudo Federatsiyasi rasmiy bayonot bilan chiqib, qonida nasha alomatlari topilgani uchun Abdulla Tangriyevning London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ishtirok etolmasligini rasman tasdiqlagandi.

Federatsiya web sahifasida chop etilgan rasmiy bayonotda o‘z muxlislari ishonchini oqlolmagani uchun Abdulla Tangriyevning ulardan uzr so‘rashi ham ta‘kidlangandi.

Abdulla Tangriyev o‘z vazn toifasida (+100 kg) jahondagi eng kuchli dzyudochilardan biri sanaladi.

U 2008 yilgi Pekin Yozgi Olimpiada O‘yinlarining kumush medali sovrindori.

Dzyudo bo‘yicha o‘z vazn toifasida o‘tgan yilgi Jahon chempionatining mutlaq g‘olibi. Uch karra bronza medali sohibi.

Abdulla Tangriyev, bundan tashqari, besh karra Osiyo chempioni ham hisoblanadi.

London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ishtirok etish huquqini ham qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik taniqli dzyudochi g‘oliblikka asosiy da‘vogarlardan biri sifatida ko‘rilayotgandi.