Obidxon qori Nazarov joniga suiqasd urinishiga aloqador ko‘rilganlar ustidan mahkama davom etmoqda

Image caption 2012 fevral oyida Obidxon qori Nazarov o‘zi yashaydigan uy dahlizida otib ketilgan va shu vaqtgacha koma holatida yotibdi.

Shvetsiyaning Stromsund shahrida o‘zbekistonlik taniqli imom Obidxon qori Nazarov joniga suiqasd urinishiga aloqador ko‘rilgan ikki shaxs ustidan mahkama o‘z ishini davom ettirmoqda.

Shu vaqtgacha er -xotin o‘zbekistonlik ayblanuvchilardan ayol gumondor so‘roqqa tutilgan bo‘lsa, dushanba kuni ertalabki mahkama majlisida erkak ayblanuvchi hakam tomonidan so‘roqqa tutildi.

Shuningdek, mahkamada guvohlar ham ko‘rsatma bera boshlaganlar. Ular orasida Obidxon qori Nazarovga o‘q otishda foydalanilgan, deya ishonilgan o‘q otar qurolni topgan shaxs ham ko‘rsatma bergan.

Mahkama ishida qatnashib, kuzatib kelayotgan o‘zbekistonlik shaxsning BBC bilan suhbatda aytishicha, ayblanuvchi erkak 2012 yilning yanvar oyida ayolining akasi talabi bilan Shvetsiya bo‘ylab Obidxon qori Nazarovning qayerda ekanligini aniqlashga harakat qilganlar.

Uzoq harakat qilib Nazarovning qayerda yashashini aniqlaganlaridan so‘ng yana ayolining akasi iltimosi bilan hatto Stromsund shahriga borib, u bilan uchrashishga ham urinib ko‘rganlar.

Mahkamadagi shaxsning aytishicha, erkak ayblanuvchining ko‘rsatmalari shu vaqtgacha ayol ayblanuvchi bergan ko‘rsatmalarga deyarli mos tushadi.

Hakamning O‘zbekistonda nima ish bilan shug‘ullangani haqidagi savolga, ayblanuvchi Soliq Qo‘mitasida ishlaganligini aytgan.

Hakam shuningdek, bu ayblanuvchining bankdagi hisobidan nima uchun yirik miqdordagi to‘lovlar tez-tez amalga oshirilganligi haqida ham so‘ragan.

Ayblanuvchining da‘vo qilishicha, Obidxon qori Nazarovni aynan nima uchun izlashayotganligini dastlab anglab yetmagan. Er-xotin ayblanuvchilar Obidxon qori Nazarovni bir firibgar va tovlamachi, ya‘ni aldov yo‘li bilan birovdan katta miqdordagi pulni olib qo‘yganligi tufayli va shu pulni undirish maqsadida qidirilayotgan, deb tushunganligini bildirgan.

Ayblanuvchi shuningdek, suiqasd urunishidan so‘ng bir necha kundan keyin bu hodisadan matbuot orqali xabar topib, o‘zining ham bilmasdan bu ishga aloqador bo‘lib qolganligini taxmin qilganidan so‘ng Moskvadagi shaxs bilan bog‘lanib, bu xavotirlarni o‘rtoqlashganini ma‘lum qilgan.

Unga ko‘ra, Moskvadagi shaxs amalda bunday emasligi haqida ishontirib, lekin har ehtimolga qarshi kompyuter va boshqa joydagi hamma ashyoviy dalillarni yo‘qotish maslahatini bergan.

Ayblanuvchining aytishicha, Obidxon qori Nazarov qanday shaxs va imom ekanligidan xabari bo‘lmagan. Bu so‘zlarni ayta turib ayblanuvchi yig‘lab yuborgan.

Obidxon qori Nazarov O‘zbekistondagi tazyiqlar tufayli 1998 yili mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lgandi.

2006 yili esa Shvetsiyadan siyosiy boshpana topib, Strmosund shahrida istiqomat qilib kelgan.

2012 fevral oyida Obidxon qori Nazarov o‘zi yashaydigan uy dahlizida otib ketilgan va shu vaqtgacha koma holatida yotibdi.

Suiqasd hodisasiga aloqadaor ko‘rilgan ikki shaxs ustidan mahkama 12 iyul kuni boshlangan.

Suiqasdni amalga oshirishga harakat qilgan asosiy gumondorning Shvetsiyadan chiqib, qochib ketgani ma‘lum qilingan.