"Obamani o‘ldirishga uringan o‘zbek O‘zbekistondagi islomiy guruh bilan aloqa qilgan"

Image caption Qodirov hibsga olinganda Birmingem shahridagi supermarketda ishlayotgan bo‘lgan

AQShda Prezident Barak Obamani o‘ldirishni rejalashda ayblanib 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan o‘zbekistonlik Ulug‘bek Qodirov O‘zbekistonda joylashgan Islomiy guruh bilan muloqot qilgan. Bu haqida mahkamada qatnashgan amerikalik prokurorlar ma‘lum qilganlar.

Ularning aytishicha, Qodirov aloqada bo‘lgan Islomiy guruh AQSh tomonidan terrorchi tashkilot hisoblanadi.

Qodirovning advokati Lans Bell 22 yoshli mijozi AQShdagi eng nufuzli universitetlardan biri bo‘lmish Nyu Yorkdagi Kolumbiya Universitetining tibbiyot kolledjiga qabul qilingani, lekin inglizchasi yaxshi bo‘lmagani uchun o‘qishni boshlay olmagani, so‘ngra Nyu Yorkda ish topa olmay Alabamaga ko‘chgani va yolg‘izlikdan jabr chekib internetda Islomiy ekstremistlar bilan til topishganini aytgandi.

Biroq, Associated Press agentligi xabar qilishicha, Kolumbiya Universiteti shanba kuni Qodirov hech qachon tibbiyot kolledjiga qabul qilinmaganini bildirgan.

Bu bayonot Qodirov advokatining so‘zlariga ziddir.

Himoyachi bu tushunmovchilik Qodirovning til muammolariga bog‘liq bo‘lishi mumkin deb aytgan, biroq qoralovchilar mazkur ma‘lumot Qodirovning boshqa javoblari naqadar haqqoniyligi borasida shubha uyg‘otishini aytishgan.

Janob Bell Qodirovning inglizchasi yaxshi emasligi va u 2009 yilda 19 yoshida AQShga kelganida undan ham yomon bo‘lgani va balki Kolumbiya Universitetiga qabul qilinganiga ishonganini aytgan.

Lekin, Qodirovning o‘zi Nyu Yorkda ingliz tili darslariga Kolumbiya tibbiyot kolledjiga tayyorlanish uchun qatnaganini aytadi.

Federal hakam Abdul K. Kallon Ulug‘bek Qodirovni Obamani o‘ldirish yo‘lida fitna uyushtirishda aybdor deb topib juma kuni 15 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Qodirov ikki baravar uzoqroq muddatga qamalishi mumkin edi, biroq prokurorlar u hukumat agentlariga yetkazib bergan ma‘lumotlari uchun hakamdan qisqaroq muddatni so‘rashgan.

Qodirov prezidentni o‘ldirish bilan tahdid qilish, terrorizmga moddiy yordam berish va qonunga zid ravishda qurolga egalik qilish aybiga iqror bo‘lgan.

U internetda o‘zbek islomiy guruhi a‘zosi bilan tanishgach, qayta saylanish yo‘lida kampaniya olib borayotgan Obamani o‘ldirish rejasini ishlab chiqqanini aytgan.

U o‘tgan yili hisbga olinganda Alabama shtatining Birmingem shahridagi supermarket kioskida ishlayotgandi.