Suriya 200 odam qirilganini rad etdi

Image copyright bbc
Image caption Oddiy odamlar Prezidentga Assadni dastaklovchi shabiha jangarilari 200 odamni qirganini aytishmoqda

Suriya payshanba kuni Tremseh qishlog‘ida og‘ir qurollardan foydalangani borasidagi BMT da‘vosini rad qilgan.

Rasmiy Damashq BMT va Arab Ligasining maxsus elchisi Kofi Annanni "shoshqaloqlik" bilan bayonot chiqarishda aybladi va Tremsehdagi amaliyotda faqat qo‘shinlarni tashuvchi mashina va yengil qurollar ishlatilganini bildirdi.

Suriya qishloqda yuz bergan hodisa qirg‘in emas, balki qurolli to‘qnashuv bo‘lganini aytdi. Unga ko‘ra, talafotlar soni faollar aytganidek 200ta emas, balki 37tadir.

BMT kuzatuvchilari tergovlarini davom ettirish uchun Tremseh qishlog‘iga qaytganlar.

"Qirg‘in emas"

Suriya tashqi ishlar vazirligining voizi Jihod Maqdissiy Damashqda o‘tgan matbuot anjumanida Tremsehdagi hujumda tikucharlar, qiruvchi uchoqlar yo qurolli tanklar qo‘llanmagani, balki qo‘shinlarni tashuvchi mashina va yengil qurollar, xususan granatamyotlar ishlatilganini aytdi.

Uning aytishicha, janob Annan "shoshqaloqlik" bilan Suriya tashqi ishlar vaziriga noto‘g‘ri ma‘lumotga asoslangan maktub yo‘llagan.

Janob Maqdissiy "qurolli terrorchilar" yashiringan beshta uy nishonga olinganini aytdi.

Unga ko‘ra, bu hujum kichik hududda amalga oshirilgani uchun u yerda tanklardan foydalanishning imkoni bo‘lmagan.

"Bu qirg‘in emas edi, balki harbiy qo‘shinlarni siyosiy yechim topishni istamayotgan qurolli guruhlarga qarshi qaytargan odatiy javobi edi," - dedi janob Maqdissiy.

U BMT kuzatuvchilarining ilk tergov xulosalari Suriya hukumatining versiyasini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Biroq, BMT kuzatuvchilari Suriya hukumati janob Annanga bergan va‘dasiga zid ravishda og‘ir qurollardan foydalanganini tasdiqladi.

Janob Maqdissiy agar qandaydir og‘ir qurol ishlatilgan bo‘lsa, bu faqat isyonchilar tomonidan ishlatilgan bo‘lishi mumkinligini da‘vo qildi.

Ba‘zi faollar va guvohlar yoppasiga qilingan hujumda 200 oddiy fuqaro qirib tashlangani, hamda avvaliga havodan bombardimon uyushtirilgani, so‘ngra esa hukumatparast shabiha jangarilari qishloqqa bostirib kirib odamlarni birma-bir o‘ldirilganini aytishgan.