HRW Rossiyadan o‘zbek fuqarosini Toshkentga qaytarmaslikni so‘ramoqda

Image copyright AP
Image caption Halqaro qonunlar qiynoqlar xavfi bor mamlakatga gumondor topshirilishini man qiladi.

Nyu-Yorkda joylagan Human Rights Watch guruhi Rossiyadan xalqaro qonunlarga bo‘ysunishni va O‘zbekiston fuqarosini Toshkentga qaytarmaslikni so‘rab chiqqan. Guruhga ko‘ra, Yusuf Qosimohunov O‘zbekistonga qaytarilsa, qiynoqlarga tutilishining xavfi katta.

Rossiyaning Oliy Mahkamasi chorshanba kuni, 18 iyulda janob Qosimohunovning prokuror qarori ortidan qilgan apellyatsion arzini ko‘rib chiqadi. Rossiya bosh prokurori O‘zbekiston hukumatining talabiga binoan Qosimohunovni qaytarishga qaror qilgandi.

"Qiynoqlar mutlaqo man qilingan. Rossiya, xalqaro qonunlarga binoan, Qosimohunovni u qiynoqqa tutilishi deyarli to‘la muqarrar bo‘lgan joyga yubormasligi shart", - dedi HRVning Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Villiyamson.

2008 va 2011 yillar orasida Ovro‘po Inson Huquqlari mahkamasi Rossiyaga sakkiz marta o‘zbekistonlik fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarmaslikni aytgan. Ovro‘po Inson Huquqlari Konventsiyasining 3 moddasiga binoan, qiynoq va noinsoniy yo kamsitiluvchi munosabat tahdidi bo‘lgan mamlakatga gumondorni topshirish butkul man qilinadi.

Human Rights Watchning 2011 yilgi "Guvohlar qolmadi: O‘zbekistondagi qiynoqlar, mahkamasiz hibsda ushlanish va himoyachilar ovozining o‘chirilishi" nomli hisobotida O‘zbekistonda mahkamagacha bo‘lgan hibs chog‘ida yuz beradigan qiynoqlar va abgor munosabatning muntazam ekani va keng qo‘llanishi hujjatlashtirilgan.

HRW hibsga olingan inson haqlari faoli ustidan qaynoq suv quyilgani, gumondorlar qo‘llari va oyoqlaridan osib qo‘yilgani, plastik paket va protivogazlar bilan bo‘g‘ilgani, hamda jinsiy zo‘rlangani va jinsiy tahqirlanganlarini aniqlagan.

Qosimohunov 2004 yil noyabrida Rossiya mahkamasi tomonidan Hizbu Tahrirga a‘zolikda aybdor deb topilib sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm etilgan. Uning jazosi so‘ngra yetti yilu to‘rt oyga tushirilgandi.

U jazo muddatini o‘tayotgan davrda o‘zbek hukumati Rossiyadan Qosimohunovni jazo muddati tugaganidan keyin ham ushlab turish va o‘xshash ayblovlar qo‘yilayotgan O‘zbekistonga topshirishni so‘ragan.

O‘zbek prokurori hujjatlariga binoan, Qosimohunov 1994 va 1999 yillar orasida Hizbu Tahrir a‘zosi bo‘lgani uchun qidirilayapti, biroq Qosimohunov 1995 yildan beri Rossiyada yashab keladi. U na Rossiya yo na O‘zbekistonda zo‘ravonlik aybiga yuz tutgan.

2011 yilning iyun oyida yetti yarim yillik qamoq jazosini o‘tab chiqqan Qosimohunov zudlik bilan yana hibsga olingan va bunga o‘zbek hukumatining ekstraditsiya so‘rovi asos qilib ko‘rsatilgan. Joriy yil aprelida Rossiya bosh prokuraturasi Qosimohunovni ekstraditsiya qilish borasida qaror chiqargan.