Qozog‘istonda Suriya konsulligi yonib vayron bo‘lgan

Image copyright ktk.kz
Image caption Suriya qonsulligi yong‘inni Suriyadagi qonli vaziyat bilan bog‘lamoqda.

Qozog‘istonning Olma-ota shahrida joylashgan Suriya konsulliga o‘t ketishi oqibatida uch qavatli binoning ikkinchi va uchinchi qavati butkul vayron bo‘lgan. Qozog‘iston xabar agentliklari axborotiga binoan, Suriya diplomatlari bu yong‘in ataylab amalga oshirilganiga ishonadilar.

Konsullikning eng yuqori uchinchi qavatida joylashgan hujjatlar saqlanuvchi xonalar va konsulning idorasi butkul yonib ketgan.

Yong‘in oqibatida ikkinchi qavatdagi mehmonlar uchun xonalar va diplomatik muzokaralar o‘tkaziladigan xonalar jiddiy shikast yegan.

Diplomatlar yong‘inni boshlagan shaxslar ataylab hujjatlar saqlanuvchi qavatni nishonga olganlariga ishonadilar. Konsullik xodimlari bino ichiga yoqilg‘i solingan shishashlar otilganini aytishmoqda. Biroq politsiya xozircha biror versiyani ilgari surmagan, lekin KTK agentligi bilan suhbatda jinoyatchilar yaqin orada topilishini va‘da qilgan.

Xabar qilinishicha, binodan bironta ham qimmatbaho jihozlarning o‘g‘irlanmagani konsullikka bo‘lgan hujumning Suriyada davom etayotgan qonli vaziyat bilan bog‘liq ekaniga ishora qiladi.

KTK xabar agentligiga gapirgan Suriyaning Qozog‘istondagi Konsuli Samir Derex ham o‘xshash qarashni ilgari surgan.

"Bizda Suriyada bo‘layotgan asosiy muammo radikal diniy tashkilotlar bilan bog‘liq. Bu telba odamlar, ularning qo‘lidan har nima kelishi mumkin. Bu kabi radikal guruhlarning Qozog‘istonda mavjud ekanining ham alomatlari bor. Bugun uyga o‘t qo‘yishsa, ertaga qotillika ham qo‘l urishlari mumkin", - deb aytgan janob Derex.

Olma-otadagi muxbirimiz Shodyor Sayf diniy guruhlarning bu yong‘inga aloqasi borasida Qozog‘istonda gumonsirayotganlar ko‘pligini aytadi. Unga ko‘ra, ba‘zilar hatto Suriya konsulligining o‘zi ba‘zi hujjatlarni yo‘q qilish yoki diniy ekstremistlar xavfini bo‘rttirib ko‘rsatish uchun shunday yong‘inni boshlaganlariga ishonadilar.

Qozog‘istonda o‘tgan bir yil ichida amalga oshirilgan hujumlarda diniy radikal guruhlar ayblangan.

Hujumlar 2011 yil may oyida g‘arbdagi Akto‘be shahrida hudkushlik hujumi bilan boshlangandi. Bir hafta o‘tib Astanada mashina portlatilgan.

Ayni yilning iyul oyida Aqto‘bega yaqin Shubarshi shahrida xavfsizlik kuchlari ekstremist deyilgan guruh bilan otishib, 13 kishini o‘ldirgandi.

Oktyabrda Atirauda ikki portlash yuz bergan, noyabr oyida Olmotida ikki politsiyachi o‘ldirilgan.

To‘rt kun o‘tib, Tarazdagi hujum va otishmalarda sakkiz kishi halok bo‘lgan. Hujumlarning ba‘zilari uchun avval tanish bo‘lmagan Jund al-Xilafa guruhi mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga olgandi.