Olimpiada chog‘ida ko‘nglingiz qovurilgan kartoshka tusasa nima qilasiz?

Image copyright AFP

Qovurilgan kartoshkani faqat MakDonaldsdan sotib olasiz.

Amerikaning Makdonalds shirkati bilan imzolangan eksklyuziv bitimga muvofiq, o‘nlab Olimpiya sathlaridagi mingga yaqin yemakxonalardan birortasiga qovurilgan kartoshka qalamchalari(chips) sotishga ruxsat berilmaydi.

Faqatgina "qovurilgan baliq va kartoshka" sotuvchilarigina bundan mustasno. Axir London Yozgi Olimpiada O‘yinlarini britanlarning ro‘znoma varag‘iga o‘ralgan an‘anaviy taomisiz tasavvur etish mumkinmi?! Lekin shart shuki, qovurilgan baliqning yonida kartoshkasi, qovurilgan kartoshkaning yonida balig‘i bo‘lishi shart. Olimpiya sathlarida o‘z yorliqlari ostida o‘z mahsulotlarini sotishga esa, faqat Coca-Cola, Cadbury va Heineken haqli bo‘lishadi. Buni kapitalizmning eng yomon belgilaridan biri yoki Olimpiya harakatining tujjoriylashuvi sifatida ko‘rayotganlar ham yo‘q emas.

Image copyright Reuters

London 2012: sportchilar Olimpiada O‘yinlariga kelishni boshlashdi. O‘yinlarning xavfsizligini ta‘minlash bilan bog‘liq ayrim savollar ochiq qolayotgan bir manzarada, butun dunyo bo‘ylab minglab sportchi va mulozimlar Londonga safarlarini boshlab yuborishgan. XXX Yozgi Olimpiada O‘yinlariga bor-yo‘g‘i 11 kun qolarkan, Londonda hozirliklar ham o‘zining so‘nggi bosqichiga kirgan. O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining asosiy qismi Olimpiada O‘yinlaridan uch kun avval, ya‘ni 24 iyul kuni Londonga yetib keladi. O‘zbekistondan Londonga ja‘mi 100 dan ortiq kishidan iborat xay‘atning kelishi kutilmokda.

Image copyright AP

Amerika Olimpiya terma jamoasi London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida Xitoyda tikilgan libosda chiqadi. Bu xabar ortidan, AQSh Olimpiya Qo‘mitasi ham demokrat va ham respublikachi siyosatchilar tanqidlari ostida qolib ketgan. Amerikalik siyosatchilarga ko‘ra, bu - "sharmandalikdan o‘zga narsa emas". Bo‘lmasa, kostyumlar Amerikaning Ralf Lauren brendi dizaynerlari tomonidan yaratilgan va bosh-oyoq kiyim-bosh qariyb 2.000 AQSh dollariga tushgan. Ammo yorlig‘ida "Xitoyda ishlangan", deb yozilgani ham bor gap.