"MTS-Uzbekistan" mijozlari orasida sarosima boshlangan"

Image copyright gazeta.uz

O‘zbekistondan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, sobiq "Uzdunrobita" mobil aloqa shirkatining 10 kundan keyin xizmati qayta tiklanishidan umidini uzgan mijozlari o‘rtasida sarosima boshlangan, mijozlar tezroq boshqa shirkatga "o‘tishga" shoshilmoqdalar.

"MTS-Uzbekistan" shirkati 17 iyul mahalliy vaqt bilan soat 18 dan aloqa xizmati 10 kunga vaqtincha to‘xtatilayotgani haqida e‘lon qildi, mijozlar qo‘l telefonlaridan qo‘ng‘iroq qilish va SMS xabar jo‘natish imkoniyatlaridan mahrum bo‘ldilar.

"MTS-Uzbekistan"ning mijozlari boshqa mobil aloqa operatorlariga ulanish yo‘llarini qidira boshladilar.

Poytaxt Toshkentdagi boshqa shirkatlar idoralari sim-kartalar sotib olish istagidagi odamlarga to‘lib ketgan, bir necha internet sahifalar Toshkentdagi "Bilayn" va "Yusel" ofislari oldida paydo bo‘lgan navbatlar aks etgan fotosuratlarni e‘lon qilgan.

Sobiq "Uzdunrobita"ning raqiblari shu kuni o‘z ofislari kechki soat 10, 12 gacha to‘xtovsiz mijozlarga xizmat ko‘rsatishi haqida e‘lon qilganlar.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, shirkatlar sim-kartalarini sotib tugatganlar.

Ayrim mijozlar mobil aloqa shirkatining o‘z qarorini kech e‘lon qilganidan darg‘azab bo‘lishgan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, "MTS-Uzbekistan"ning 9 milliondan ortiq mijozi bo‘lgan.

Sal oldinroq O‘zbek rasmiylari "MTS-Uzbekistan" faoliyatida qator qonunbuzarliklarni aniqlaganini e‘lon qilganlar.

Davlat aloqa inspektsiyasiga ko‘ra, "MTS-Uzbekistan" shirkati 48 ta stantsiyani noqonuniy ishlatib kelgan, mijozlar tomonidan uyali aloqa sifatidan shikoyatlar tushgan.

MTSning O‘zbekistondagi rahbari Bekzod Ahmedovning qochib ketgani haqida xabarlar tarqalgan.

Rossiyaning "MTS" Ochiq Hissadorlik jamiyati rasmiy bayonot chiqarib, O‘zbekistondagi bo‘limlarini tekshirayotgan mamlakat davlat idoralari ishidagi qonunbuzarliklar shirkatning u yerdagi faoliyatini xavf ostiga qo‘yishini aytgandi.

Ochiq Hissadorlik Jamiyati "Uzdunrobita" va uning bo‘linmalarida 2004 yildan buyon muntazam ravishda olib borilgan soliq tekshiruvlarida qonunga zid biror bir jiddiy holat aniqlanmaganini ta‘kidlaydi.

Ammo, kuzatuvchilar O‘zbekiston rahbariyatini mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorij shirkatlarni tortib olish yo-da, o‘rnini boshqa shirkatlarga bo‘shatish maqsadida turli kamchiliklar topishda ayblaydilar.

O‘zbek huquq-tartibot organlari shirkatning O‘zbekistondagi besh rahbarini hibsga olganlari haqida xabarlar tarqalgan.