O‘zbek-qirg‘iz chegara rasmiylari muzokara olib borishmoqda

Image copyright none

Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara xizmati mas‘ullari 17 iyul kuni chegarachilar o‘rtasida kechgan otishmani mubohasa qilishmoqda.

Bu haqda Qirg‘iziston harbiy chegara xizmati matbuot markazi ma‘lum qilgan.

Kecha Jalolobod viloyati Olabuqa tumanidagi Buloqboshi qishlog‘i yaqinida joylashgan chegara hududida sodir etilgan otishmada bir qirg‘iz chegarachisi nobud bo‘lgan, yana bir qirg‘izistonlik tan jarohati olgani xabar qilindi. Yarador shifoxonaga yotqizilgan, hozir uning ahvoli qoniqarli deyiladi.

O‘zbekiston tomonidagi chegara hududi Namangan viloyati Chust tumani Gava punktida joylashgan.

Ayni paytda chegaraning har ikki tomonidagi vaziyat ham barqarorligi aytiladi.

Norasmiy xabarlarga ko‘ra, hodisada o‘zbekistonlik bir chegarachi ham nobud bo‘lgan, yana biri tan jarohati olgan.

O‘zbekiston tarafi hodisaga rasman munosabat bildirmagan.

Ammo, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rasmiylari kecha ro‘y bergan hodisa tafsilotlarini o‘rganayotganlari xabar qilinadi.

Ma‘lum qilinishicha, qirg‘iz tarafidan tergov guruhiga Harbiy chegara xizmati bosh qarorgohi boshlig‘i birinchi muovini, general-mayor Riskeldi Musoyev rahbarlik qilmoqda.

"Aybdorlar jazolanadi"

Chegara xizmatiga ko‘ra, kecha Ko‘ktosh - Buloqboshi avtomobil yo‘lida ta‘mirlash ishlari boshlangan, u ishlarga "Kazaxmis" tog‘-kon shirkati xodimlari bilan mahalliy yashovchilar jalb etilgan.

Ko‘ktosh chegarachilari mahalliy aholini serqatnov yo‘lining ushbu qismida ta‘mirlash ishlari o‘tkazib bo‘lmasligidan ogohlantirishgan. Chunki, bu hududdan o‘tgan chegara chizig‘i hali tasdiqlanmagan. Ammo, ta‘mirlash ishlari to‘xtatilmagan.

Bu orada u yerga o‘zbek chegarachilari yetib kelishgan. Ular ham ta‘mir ishlarini to‘xtatishni talab qilishgan. Mazkur talab bajarilmagach, qurol ishga solingan. Oqibatda bir qirg‘iz chegarachisi halok bo‘lgan.

O‘zbekiston tarafidan ham qurbonlar borligi aytiladi, ammo rasmiy Toshkent bu ma‘lumotni tasdiqlamagan.

Bishkekdagi muxbirimiz To‘lqinbek Turdiboyevning xabar qilishicha, hodisa yuzasidan hozir Qirg‘iziston harbiy prokuraturasi jinoiy ish ochgan.

Parlament deputati, xavfsizlik xizmati generali To‘qon Mamitov maxsus komissiya fojea tafsilotlarini o‘rganishi va aybdorlar javobgarlikka tortilishi aytgan.

Jalolobod viloyati Ola-Buqa tumani hokimiyatidan Guljon Asanova bildirishicha, tuman hokimi Atantoy Risqulov va tegishli idoralar rahbarlari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan chegaradagi otishmalarga bog‘liq muzokaralar uchun jo‘nab ketishgan.