"Yusell" va "Bilayn" filiallariga odamlar sig‘may ketgan"

Image copyright gazeta.uz

O‘zbekistonda "O‘zdunrobita" uyali telefon shirkati litsenziyasi bekor qilinishi ortidan boshqa mobil aloqa shirkatlari xizmatiga talab kuchaygan.

O‘zbekistondagi boshqa mobil operatorlar qo‘shimcha sotish shaxobchalarini ochganlar.

Navbatning ko‘pligidan bunday shaxobchalar militsiya tomonidan qo‘riqlanmoqda.

"Yusell" mobil shirkati mijozlarga xizmat ko‘rsatishni tunda ham davom ettirishini e‘lon qilgan.

17 iyul kuni O‘zbekistondagi mobil aloqa tizimi qulamagan bo‘lsa ham, "O‘zdunrobita" mijozlari uchun dunyo qulagandek bo‘lgan.

Tasavvur qiling to‘qqiz milliondan ortiq odamning birdaniga aloqadan uzilishini..

Odamlar yaqinlarini yo‘qotib qo‘yishgan, hamkorlaridan uzilib qolganlar va bizneslari to‘xtab qolayozgan.

Shu kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida eng ko‘p ishlatilgan nomlardan biri bo‘lgan, o‘zbekistonlik foydalanuvchilar "mts uzildi, qayerga ulansak bo‘ladi", degan savollar bilan murojaat qilishardi.

BBC bilan suhbatda bo‘lgan toshkentlik va namanganlik MTS mijozlari boshqa mobil operatorlari, xususan, "Bilayn" va "Yusell" idoralari sarosimadagi mijozlar bilan to‘lib ketganini aytishdi.

"Hozir "Yusell" bilan "Bilayn"ning filiallariga odam sig‘may ketgan. Odam juda ko‘p. Qo‘pol qilib aytganda, it egasini tanimaydi. MTSning dilerlari bor edi bu yerda. Ular endi katta zararga tushishdi-da endi", deydi Namangandan Zohidjon Zokirov.

"O‘zdunrobita" atrofidagi mojaro bir necha haftadan buyon davom etayapti.

Mijozlar qaysidir darajada bu muammolardan xabardor bo‘lishgan.

Toshkentda "MTS yopilarkan", degan mish-mishlar ham tarqagan.

Ammo mutaxassislarning aytishlaricha, baribir MTS singari 9 milliondan ko‘proq mijozga ega yirik shirkatning, eng muvaffaqiyatli shirkatning yopilib qolishiga ko‘pchilik ishonmagan.

O‘zbekistonning kommunikatsiya xizmatlari bozorini o‘rgangan Toshkentdagi AFS tadqiqotlar markazi direktori Yuliya Baxmachning aytishicha, iste‘molchi nuqtai nazaridan 17 iyuldagi hodisa juda ham ko‘ngilsiz bo‘lgan.

"Mijozlar aloqa uzilishiga atigi ikki soat qolganda xabardor qilingan. Amalda odamlarning boshqa operatorga ulanishlari uchun juda kam vaqt qolgan edi. Masalan, men bilaman, "Bilayn" shirkati bugun ertalab to‘rtgacha ishladi", deydi Yuliya Baxmach.

Baxmach xonim O‘zbekiston aloqa tizimida yuzaga kelgan vaziyatni anchayin og‘ir, deb tasvirladi.

Uning aytishicha, boshqa mobil operatorlarining idoralari mijozlar bilan to‘lib ketgan va bu aloqaning sifatiga ham ta‘sir ko‘rsatmoqda.

"Boshqa mobil operatorlarining texnik imkoniyatlari, jihozlari mijozlar oqimiga dosh bermasligi mumkin. Ammo bu shirkatlar o‘z tomonlaridan qo‘llaridan kelgan barcha narsani qilishayapti va hozirda ikkita mobil shirkati - "Bilayn" va "Yusell" o‘rtasidagi raqobat yanada kuchaygan. Ular mijozlarni o‘zlariga tortishga bor imkoniyatlari bilan harakat qilishayapti", deydi AFS tadqiqotlar markazi direktori Yuliya Baxmach.

So‘nggi hodisa mobil aloqa narxiga ham ta‘sir ko‘rsatgan. Yuliya Baxmachning aytishicha, hozirning o‘zida ayrim xizmat turlari yo‘qolgan:

"Ayrim xizmatlar hozirning o‘zida to‘xtatilgan. Masalan, eng ommalashgan to‘lov usuli yoki abonentlar uchun sim kartani ishga tushirish uchun talab qilinadigan eng kam to‘lov miqdori oshirilgan", deydi Yuliya Baxmach.

Mutaxassislar aytishlaricha, hozircha MTS rasman vaqtinchalik, ya‘ni 10 kunga to‘xtatilgani uchun mijozlarning hisoblariga qo‘ygan pullari saqlanib turadi va kelajakda ishlatish imkoniga ega bo‘ladilar.

Ammo "O‘zdunrobita" shirkatining kelajagi qanday bo‘ladi, bu qorong‘u.

Biz suhbatlashgan mijozlar ko‘proq bu doimiy degan kayfiyatda.

Ya‘ni ular MTS 10 kundan keyin ham ishlashiga shubha qiladilar.