Rossiyada o‘zbekistonlik muhojirni it talab o‘ldirgan

Image copyright none

Rossiyaning Barnaul shahrida it talashi natijasida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan.

Ismi oshkor qilinmayotgan 33 yoshli yigitning murdasi Oltoy bozori yonidan tongga yaqin topilgan.

Ayni damda tergov oldi surishtiruv ishlari ketmoqda.

Halok bo‘lgan yigitning xususiy qurilish ob‘ektlarining birida ishlagani aytilmoqda.

Oltoy o‘lkasida O‘zbekiston fuqarosining o‘limi ilk marotaba uchrayotgani yo‘q. Bundan bir yil oldin asli o‘zbekistonlik Rossiya fuqarosi janjal oqibatida o‘zbekistonlik tanishini o‘ldirib, go‘shtini kabob qilib yegan.

33 yoshli yigitning tanasi 17 iyul kuni tongda Oltoy bozori atrofida topilgan. Murdaga bozor xodimlari duch kelgan va shu zahoti politsiyani chaqirgan.

"O‘zbekiston fuqarosi doimiy yashash huquqiga ega bo‘lmagan, ya‘ni Rossiyada ro‘yxatda turmagan, tanishlarinikida yashagan. Biroq bozordan uncha uzoq bo‘lmagan joyda qurilish ishlarini olib borgan xususiy tadbirkorning qo‘lida rasman ishlagan. Kechki vaqt soat 6 da ishdan chiqqan va keyin uni hech kim ko‘rmagan", deydi Oltoy o‘lkasi tergov bo‘limi rahbari katta yordamchisi Lyudmila Ryazantseva.

33 yoshli yigit Barnaulda oilasiz va vatandoshlari bilan birga yashagan. Ayni damda uning qaysi joydan ekanligi kabi ma‘lumotlar to‘planmoqda.

Tergov bo‘limi mas‘ulining bildirishicha, odamlarning it talashi natijasida o‘lishi juda ham kam uchraydigan holat. So‘nggi besh yilda bunday hodisa kuzatilmagan.

Biroq Oltoy bo‘lgasida o‘zbekistonliklarning o‘limi kam bo‘lsa-da, uchrab turishi aytiladi. Bundan bir yil oldin asli o‘zbekistonlik Rossiya fuqarosi va O‘zbekiston fuqarosi o‘rtasida kelib chiqqan janjal oqibatida qotillik sodir etilgan.

Rossiya fuqaroligini qabul qilgan o‘zbekistonlikning uyiga O‘zbekistondan tanishi keladi va o‘sha yerda yashab qurilishda ishlay boshlaydi. 2011 yilning 8 mart kuni bayram qilib spirtli ichimliklar ichishadi va o‘rtada janjal kelib chiqadi.

"O‘zbekistondan kelgan mehmon mezbonning qarindoshini haqoratlaydi. Ayblanuvchi o‘ylab o‘tirmasdan uni o‘ldiradi va tanasini bo‘laklaydi. Tananing bir qismini sumkalalarga solib Barnaul shahri bo‘ylab tashlab chiqadi. Tananing boshqa qismini esa shashlik pishirish uchun ziravorlagan", - deydi Oltoy o‘lkasi tergov bo‘limi rahbari katta yordamchisi Lyudmila Ryazantseva.

Ayblanuvchining uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingani bildirildi.

Non topish maqsadida Rossiyada bir necha million o‘zbekistonlik mehnat qiladi. Mehnat muhojirlarining soni ko‘paygan sari ular bilan bog‘liq jinoiy ishlarning ham ortayotgani aytiladi.