Rossiya Oliy Mahkamasi o‘zbek fuqarosini ekstraditsiya qilishga qaror qildi

Image copyright bbc uzbek
Image caption Mehnat muhojirlarining Toshkent so‘rovi bilan hibsga olinishi va o‘g‘irlab ketilish hollari tez-tez uchraydi.

Rossiya Oliy mahkamasi O‘zbekiston fuqarosi Yusuf Qosimoxunovni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish haqida qaror chiqargan. Rossiyalik inson haqlari faollariga ko‘ra, bu qarori bilan Oliy sud o‘zining plenumi qaroriga qarshi borgan.

Aybi isbotlanmagan kishilarni qiynoqqa solinishi ehtimoli bor mamlakatga ekstraditsiya qilgani uchun Rossiya bundan oldin Inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi tomonidan jarimaga ham tortilgan.

Biroq bunga qaramasdan, faollarga ko‘ra, Rossiya O‘zbekiston qo‘liga fuqarolarini topshirishda davom etayapti, aksar hollarda ekstraditsiya ikki mamlakat qonunlariga zid shaklda amalga oshirilmoqda, o‘zbekistonliklar o‘g‘irlab ketilayotgani hollari ham bor. etayapti, aksar hollarda ekstraditsiya ikki mamlakat qonunlariga zid shaklda amalga oshirilmoqda, o‘zbekistonliklar o‘g‘irlab ketilayotgani hollari ham bor. Tafsilotlari lavhamizda

18 iyulda Rossiya Oliy sudi O‘zbekiston fuqarosi Yusuf Qosimoxunovni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilishni qonuniy kuchga kiritadigan qarorni qabul qildi. Qosimoxunovni O‘zbekistonga topshirmaslik arizasini Inson haqlari Ovro‘po mahkamasi qabul qilgan, Strasburg Rossiya rasmiylaridan uni vataniga topshirmaslikni so‘ragan.

Qosimoxunovni himoya qilgan rossiyalik taniqli inson haqlari faoli Yelena Ryabinina aytishicha, Rossiya Oliy sudi o‘z plenumi qaroriga zid ish qilgan.

"Ushbu qaror ko‘p jihatlari bilan mutlaqo qonunga zid, odil sudga qarshi, huquqqa zid. Hujjatlarda soxtalashtirishlar haddan ziyod ko‘p. Shu yil 14 iyunda Oliy mahkama plenumi ekstraditsiya haqidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqayotganda chiqarib yuborilayotgan da‘vogar shaxsning barcha isbot-dalillari va vajlarini ko‘rib chiqish lozimligini tushuntirgandi. O‘zini o‘zi hurmat qiladigan davlat ekstraditsiya qarorini olayotganida bunday soxta hujjatlarga asoslanmaydi", - deydi Yelena Ryabinina.

Biroq, bundan oldin Rossiya Ovro‘po mahkamasi qarorini rad etib, Rustam Mo‘minovni O‘zbekistonga topshirgan.

Strasburg ushbu amalni qoralab, Rossiya hukumatini Rustam Mo‘minovni topib, unga 20 ming yevro tovon puli to‘lash majburiyatini yuklagan edi.

Faollarga ko‘ra, bunga qaramasdan, Rossiya hududidan O‘zbekistonga ekstraditsiya yoki o‘zbekistonliklarni yashirincha o‘g‘irlab ketish hamon davom etmoqda.

O‘zbekistondan chiqib ketganidan keyin Rossiya qamoqxonasida 1 yil tutib turilib, keyin Ovro‘podan boshpana topgan Muhammadsolih Abutovning aytishicha, bunda MDH va Shanxay Hamkorlik tashkiloti doirasidagi o‘zaro bitimlarga tayaniladi, Rossiyaning ham bundan ko‘zlagan o‘z manfaati bor.

"Meni ekstraditsiya qilish uchun 1992 yilda MDH davlatlari orasida qabul qilingan Minsk Konventsiyasini asos qilib ko‘rsatishgan. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi faoliyat Minsk Konventsiyasidan ko‘ra jiddiyroq rolni o‘ynadi deb hisoblayman. Men yana bir narsaga ishonaman, bu Rossiyaning o‘zining ta‘sir doirasidagi davlatlarni nazorat ostida ushlab turish harakati", - deydi janob Abutov.

Rossiyadagi "Memorial" inson haqlari markazi faoli Bahrom Hamroyevga ko‘ra, keng jamoatchilikdan oshkor bo‘lganlaridan tashqari ham O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududidan o‘g‘irlab ketilishi hollari keng tarqalgan.

"Ichki ishlar xodimlari kelib O‘zbekiston fuqarolarini o‘g‘irlab ketayapti. Biz bilamiz, bu odamlar jinoyatchi emas, lekin joriy yilning o‘zida taxminan 10-12 odam olib ketildi. Biz familiyalarini bilmasak ham, otlarini yozib olganmiz", - deydi faol.

Mahalliy va xalqaro inson haqlari tashkilotlariga ko‘ra, O‘zbekiston huquq-tartibot organlarining muayyan shaxsga qo‘ygan ayblovlari har doim ham uning aybdorligini anglatmaydi, iqrorlar qiynoqlar natijasida qo‘lga kiritiladi.

Soxta ayblovlar esa O‘zbekiston hukumatining o‘z muxoliflarining ovozlarini o‘chirish maqsadidagi harakatlar deb qabul qilinadi.